Ko`pchilik kinoixlosmandlar “Mening ingliz bemorim” filmini yaxshi eslashsa kerak. Bugun ana shu filmda asosiy qahramonlardan biri – shafqat hamshirasi rolini ijro etgan Jyulet Binosh 54 yoshni qarshiladi. Bu haqda 24smi.org nashri xabar bermoqda.

Kino olamiga 15 yoshidanoq kirib kelgan Binosh ko`plab Ovro`pa rejissyorlarining kinokartinalarida turfa rollarni ijro etgan.

Aynan mana shu turli janrlardagi, har xil rakurslardagi kinoasarlarda (“Uch rang: moviy”, “Polina”, “Vern nusxasi”, “Ayolning o`zga hayoti”, “So`zlar hamda suratlarda aks etgan muhabbat qissasi” va h.k.) suratga tushgani ham aktrisaning omad kaliti edi, desak, mubolag`a bo`lmaydi, negaki Binosh ancha-muncha tajriba orttiradi.

Aktrisaga chinakam omad 1995 yili rejissyor Entoni Mingellaning “Mening ingliz bemorim” filmida bosh personajlardan biri – hamshira Xannani ijro etish bo`ldi.

Mazkur roli uchun Binosh birato`la “Oskar”, BAFTA, Evropa kinoakademiyasi hamda Berlin kinofestivalining bosh sovrinlarini qo`lga kiritadi. Film ham dunyo bo`ylab naqd 230 mln. AQSh dollar miqdorida “aqcha” yig`adi. Keyinroq aktrisa Jonni Depp bilan “Shokolad”, Jan Reno bilan “Muhabbat qissasi”,Al Pachino bilan “Xavfli kvartal”, Kristen Styuart bilan “Zils-Mariya” kabi ko`plab muxlislar mehrini qozongan filmlarda ishtirok etadi.


Kinomuxlislar yaqinda kinoekranlarda berilgan “Qurol-aslahali arvoh” filmida ham Jyulet Binosh yosh va umidli aktrisa Skarlett Yoxanson bilan birgalikda rol ijro etishdi.

Nima bo`lganda ham “Olg`a, Binosh!” deb qolamiz.









