Biz sudlarni oltin taroziga qiyoslaymiz. Agar bu tarozida muvozanat yo`qolmasa jamiyatga nisbatan ishonch ortaveradi. Fuqarolar qonunning amaliy harakatini o`z hayotida ko`raveradi. Agarda tarozidagi muvozanat buzilsa, illo shunisidan asrasin...
O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy Kengashi faoliyatining asosiy yo`nalishlaridan biri, sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish, shuningdek, ularni jinoiy va ma`muriy javobgarlikka tortishga xulosa berish to`g`risidagi masalalarni tahlil etamiz, deb yozadi O`zA.
Ochig`ini aytish kerak, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo`ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchi va vijdoniga sodiq bo`lishga amal qilmayotgan beg`araz, xolis va adolatli bo`lmayotgan sudyalar ham borligi achchiq haqiqat.
Bu boradagi raqamlarga murojaat qilamiz. 2017 yilda Sudyalar oliy kengashi tomonidan sudyalarga nisbatan 54 ta intizomiy ish qo`zg`atilgan bo`lib, ularni muhokama etish natijalariga ko`ra 28 nafar sudyaga nisbatan “hayfsan”, 16 nafar sudyaga nisbatan “jarima” intizomiy jazo choralari qo`llanilgan, 8 ta intizomiy ish tugatilgan, 2 nafar sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish masalasini hal qilish uchun ish materiallarini vakolatli organga yuborish haqida qaror qabul qilingan.
Qo`zg`atilgan intizomiy ishlarning 20 tasi fuqarolik ishlari bo`yicha, 24 tasi jinoyat ishlari bo`yicha, 5 tasi iqtisodiy hamda 5 tasi ma`muriy sudlarning sudyalariga to`g`ri keladi. Shulardan 42 tasi birinchi marta besh yil muddatga tayinlangan sudyalarga, 9 tasining sudyalik staji navbatdagi o`n yil muddatga, 3 tasining sudyalik staji esa sudyalik lavozimining muddatsiz davriga to`g`ri keladigan sudyalarga tegishlidir.
Tahlillarga ko`ra, intizomiy ishlarning aksariyat qismi jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudiga (12 ta), fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent viloyati (6 ta), Surxondaryo (5 ta) viloyat sudlariga oiddir.
Mazkur intizomiy ishlarning 41 tasi Sudyalar oliy kengashining tashabbusi bilan qo`zg`atilgan bo`lsa, qolgan 1 tasi sudlar tomonidan chiqarilgan xususiy ajrim natijasi bo`yicha, 12 tasi joylardagi malaka hay`atlari tomonidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko`ra qo`zg`atilgan.
Inson huquq va erkinliklarini amalda ta`minlash, aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, jamiyatda qonun ustuvorligi, qonuniylik va adolat, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni qaror toptirish kabi ezgu maqsadlar O`zbekistondagi jiddiy islohotlarning bosh maqsadi hisoblanadi. Shubhasiz, ushbu maqsadlar yo`lidagi belgilangan vazifalarni amalga oshirish O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga alohida mas`uliyat yuklaydi...






