1

“O`ta xavfli residivist” ayol oqlanib, qamoqdan ozod qilindi

Jinoyat 10.03.2018, 09:06
“O`ta xavfli residivist” ayol oqlanib, qamoqdan ozod qilindi

O`zbekiston Oliy sudiga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tayotgan Nilufar Maripova murojaat qilib, sud hukmi bilan o`ziga qo`yilgan «o`ta xavfli residivist» atamasini chiqarishni so`ragan. Bu haqda O`zA yozmoqda.

Aniqlanishicha, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumani sudining 2016 yil 17 oktyabrdagi hukmiga ko`ra N.Maripova O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25 (jinoyatga suiqasd) va 169-moddasi (o`g`irlik) 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, Jinoyat kodeksining 34-moddasi 3-qismi “b” bandiga asosan “o`ta xavfli residivist”, deb topilgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasining 2016 yil 11 noyabrdagi ajrimi bilan mazkur hukm o`zgarishsiz qoldirilgan.

1986 yilda tug`ilgan, oilali, ikki nafar farzandi bor ayolga nisbatan chiqarilgan og`ir hukmni sud N.Maripovaning bir necha marotaba sudlangani bilan asoslagan.

Darhaqiqat, N. Maripova muqaddam uch marotaba o`g`irlik qilishga suiqasd qilib, har safar jinoyatini ohiriga etkaza olmay ushlangan va sudlangan.

Jumladan, u 2008 yilda jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Chilonzor tumani sudining 29 apreldagi hukmiga ko`ra Jinoyat kodeksining 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 1 yil sinov muddati belgilangan.

Ikkinchi marta 2008 yilda jinoyat ishlari bo`yicha Quva tumani sudining 15 sentyabrdagi hukmiga ko`ra unga Jinoyat kodeksining 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 2010 yil 28 avgustdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.

Uchinchi marta 2013 yilda jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tumani sudining 1 iyuldagi hukmiga ko`ra Jinoyat kodeksining 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 2 yil sinov muddati belgilangan. 2013 yil 12 dekabrdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.

- Jinoyat ishi Oliy sudga chaqirib o`rganilganda N.Maripova shikoyatida keltirgan “o`ta xavfli residivist” atamasining noto`g`ri qo`llanilganidan tashqari boshqa holatlar ham aniqlandi, - deydi O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov. - Darhaqiqat, N.Maripova 2014 yil 12 may kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Korzinka-Qoratosh” supermarketiga xaridor sifatida kirib, savdo rastasidan jami narxi 407 ming 930 so`mlik mollarni o`g`irlashga harakat qilgan vaqtida ushlangan. Dastlabki tergov tomonidan u qayd etilgan mulklarni o`g`irlaganlikda aybli, deb topilgan.

Ammo, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 2 dekabrdagi farmoniga asosan 2013 yil 15 dekabrdan boshlab eng kam oylik ish haqi miqdori 96 ming 105 so`mni tashkil qilgan. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 61-moddasida mulkchilik shaklidan qat`i nazar, korxona, muassasa, tashkilotlarning mol-mulkini o`g`irlash yo`li bilan oz miqdorda talon-toroj qilish uchun javobgarlik belgilangan. Basharti talon-toroj qilingan mulkning qiymati eng kam ish haqining o`ttiz baravaridan oshmasa, bunday talon-toroj oz miqdordagi talon-toroj qilish, deb hisoblanishi ko`rsatilgan. O`sha vaqtda jinoyat tarkibini tashkil qiluvchi miqdor 2 million 883 ming 150 so`mni tashkil etgan.

Bunday holda N.Maripovaning harakatlarida faqat ma`muriy huquqbuzarlik mavjud bo`lgan. Bu holatga na tergov organi, na birinchi va ikkinchi bosqich sudlari e`tibor bermagan.

Jinoyat-prosessual qonunchiligiga muvofiq tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o`tkazilgan ish bo`yicha shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmasa, shaxs aybsiz, deb topilishi lozim. Shu asoslarga ko`ra, Oliy sud raisining o`rinbosari ish bo`yicha chiqarilgan qarorlarni qonunsiz va adolatsiz, deb topdi. NMaripovaning qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmaganligi sababli unga nisbatan jinoyat ishini tugatish haqida protest keltirdi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati protestni ochiq sud majlisida Bosh prokuratura vakili ishtirokida ko`rib chiqdi. Natijada protest qanoatlantirilib, Nilufar Maripovaga oid jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumani sudining 2016 yil 17 oktyabrdagi hukmi hamda jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasining 2016 yil 11 noyabrdagi ajrimini bekor qildi. N.Maripovaning qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmaganligi uchun jinoyat ishi Jinoyat prosessul kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatildi hamda uni darhol jazoni ijro etish muassasasidan qamoqdan ozod qilish topshirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1