AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Emomali Rahmonni O`zbekistonga taklif etdi

'Shavkat Mirziyoev Emomali Rahmonni O`zbekistonga taklif etdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Unda rasmiy delegasiyalar a`zolari, ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari rahbarlari, chegaraoldi viloyatlari hokimlari ishtirok etdi.

O`zbekiston qo`shni davlatlar bilan do`stlik va hamkorlikni mustahkamlashni o`z tashqi siyosatining ustuvor yo`nalishi sifatida belgilagan. Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi va sa`y-harakatlari tufayli qisqa muddatda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston bilan munosabatlardagi dolzarb masalalar hal etildi.

O`zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o`rtasidagi davlat chegarasi chizig`ini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo`yicha erishilgan kelishuvlar bu borada ulkan ahamiyat kasb etadi. Tashrif doirasida shunga oid shartnomaning imzolanishi nafaqat mamlakatlarimiz va xalqlarimiz, balki butun mintaqa hayotida tarixiy voqea bo`ladi.

Fuqarolar bordi-keldisi uchun o`ttiz kungacha vizasiz tartib joriy etilgani, chegaradan o`tkazish punktlari faoliyatining qayta tiklangani, Toshkent va Dushanbe o`rtasida aviaqatnov ochilgani ham hamkorlikning muhim amaliy natijalaridir.

Muzokarada savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. O`zaro tovar ayirboshlash hajmi o`tgan yili 240 million dollarni tashkil etgani qayd qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoev tovar ayirboshlashni ko`paytirish va uning hajmini yaqin yillarda 500 million dollarga etkazish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ta`kidladi.

Ikki mamlakat bozorida xaridorgir mahsulotlarni etkazib berishni ko`paytirish, savdo-logistika tarmog`ini kengaytirish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.

O`zbekiston mamlakatlarimiz hududlari va etakchi korxonalari o`rtasidagi kooperasiyani kengaytirishdan manfaatdor. Muzokaralarda qishloq xo`jaligi texnikasini yig`ish, zamonaviy qurilish materiallari, tayyor to`qimachilik, elektrotexnika va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha loyihalar taklif etildi.

Transport va tranzit tashuvlari sohasi ham hamkorlikning strategik yo`nalishidir. O`zbekiston Prezidenti bu boradagi o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda temir yo`l orqali yuk tashish hajmini oshirish uchun birgalikda zarur sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.

Mintaqa suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish, shuningdek, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Prezident Emomali Rahmonga o`zi uchun qulay vaqtda O`zbekistonga davlat tashrif bilan borishni taklif etdi.

    Boshqa yangiliklar