O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Unda Oliy sud sudyalari, jinoyat ishlari bo`yicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar raislari, Oliy Majlis Senati a`zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas`ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.
Oliy sud raisi B.Mustafoev boshqargan majlisda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jamiyatda qonun ustuvorligini ta`minlash va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan izchil islohotlar sud-huquq tizimini demokratlashtirish va liberallashtirishga xizmat qilayotgani ta`kidlandi. Natijada fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish samaradorligi ortib, jamiyatda adolat barqarorligi ta`minlanmoqda.
Bu jarayonda sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudya kadrlarni tanlash va lavozimga tavsiya etishning eng demokratik tamoyillarga mos bo`lgan mukammal tizimini yaratish, shuningdek, sud kadrlarining ijtimoiy muhofazasini tubdan yaxshilashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilgani ham alohida ahamiyat kasb etdi.
Davlatimiz rahbarining keyingi yillarda aynan shu maqsadlarga qaratilgan farmon va farmoyishlari qabul qilingani sud-huquq sohasidagi islohotlarning mutlaqo yangi davrini boshlab berdi. Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qonunga muvofiq, “Sudyalarning malaka hay`atlari to`g`risida”gi Nizom amalga joriy etilgani ham bu borada o`tkazilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo`ldi.
Tabiiyki, ko`rilayotgan amaliy chora-tadbirlar, eng avvalo, sudya va sud xodimlari zimmasiga alohida mas`uliyat yuklaydi. Aniqroq aytadigan bo`lsak, sud-huquq tizimida joriy etilayotgan yangilanish va o`zgarishlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, odil sudlov sifati va samaradorligini ta`minlash, odamlarning ishonchini qozonish, bir so`z bilan aytganda, sudya kadrlarning salohiyati, bilimi va ularning zimmasidagi mas`uliyatni chuqur his etishiga ko`p jihatdan bog`liqdir.
Yig`ilishda muhokama etilgan “Sud hukmi to`g`risida” va “O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining ayrim qarorlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi plenum qarori loyihalari ham ayni shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Zero, sud hukmi odil sudlovning O`zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan muhim prosessual hujjatidir. Sud ayblov yoki oqlov hukmi chiqarish orqali shaxsning Konstitusiyada belgilangan muayyan huquq va erkinliklarini cheklash yoxud buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash haqida o`z xulosasini bayon qiladi. Shu sababli, sud hukmining qonuniy, asosli va adolatli bo`lishi birinchi navbatda shaxsning konstitusiyaviy huquq va erkinliklariga rioya qilinishiga bog`liqdir.
Aytish kerakki, sudlar tomonidan jinoyat uchun jazoning to`g`ri va odilona tayinlanishi odil sudlovni amalga oshirishning eng muhim kafolati sanaladi. Chunki adolatli jazo tayinlash nafaqat mahkumni axloqan tuzatish, yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi, balki surishtiruv va tergov organi xodimlari hamda sudyalarning salohiyati, bilimi va zimmasidagi vazifaga nechog`lik mas`uliyat bilan yondoshganini ham ko`rsatadi.
Shu bois qonuniy va adolatli sud hukmi sud hokimiyati nufuzini va sudyalarning obro`-e`tiborini oshiradigan, odamlarning sudga bo`lgan ishonchini yanada mustahkamlaydigan asosiy mezondir.
Oliy sudning 2014 yilga mo`ljallangan ish rejasiga asosan tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan jinoyat ishlarini ko`rishda va sud qarorlari chiqarishda yuzaga kelayotgan ayrim muammolar, tushunmovchiliklarning qonuniy echimini topish, huquqni qo`llash jarayonida surishtiruv va tergov organi hamda sudlar tomonidan yo`l qo`yilayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, Oliy sud plenumining 1997 yil 2 maydagi “Sud hukmi to`g`risida”gi qarorining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.
Ishchi guruhi tomonidan ushbu plenum qarori loyihasini tayyorlash jarayonida 476 shaxsga nisbatan 406 ta jinoyat ishi o`rganib chiqildi va tahlil qilindi.
Mazkur Plenum qarori loyihasini ishlab chiqishdan ko`zlangan asosiy maqsad – sudlar tomonidan qonunlarni bir xilda qo`llash va bu borada yagona sud amaliyotini shakllantirishdan iboratdir.
Plenumda ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Majlisda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori R.Qodirov ishtirok etdi.