1

Prezident Shavkat Mirziyoev Tojikiston Bosh vazirini qabul qildi

Siyosat 10.03.2018, 11:47
Prezident Shavkat Mirziyoev Tojikiston Bosh vazirini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.

Kecha bo`lib o`tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlikka doir barcha masalalar hal etilib, uni rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari belgilab olingani ta`kidlandi. Savdo, iqtisodiyot, investisiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo`jaligi, suv-energetika, soliq, turizm, fan-ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik kabi sohalardagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirish bo`yicha imzolangan hujjatlar yuqori baholandi.

Xususan, tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga etkazish rejasi ikki mamlakat hukumatlariga katta mas`uliyat yuklaydi. Muloqotda mazkur kelishuvlarni bajarish, savdo aylanmasini ko`paytirish va tarkibini diversifikasiya qilish, biznes uchun qulay muhit yaratish masalalariga e`tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoev O`zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini, buning uchun barcha zarur sharoit yaratilishini ta`kidladi.

Qohir Rasulzoda O`zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o`rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya hamraisi sifatida o`zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish, qo`shimcha imkoniyatlar bo`yicha takliflar tayyorlashga alohida ahamiyat berishini qayd etdi.

Ikki mamlakat hududlari va etakchi korxonalari o`rtasida kooperasiyani kengaytirish, qo`shma korxonalar tashkil etish, tranzit yuk tashishni ko`paytirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo`yicha “yo`l xaritasi” qabul qilish muhimligi ta`kidlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1