AsosiyJamiyat

Iqtisodiyotning turli sohalariga AKTning joriy etilish holati tanqidiy baholandi

Kuni kecha O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 apreldagi “Iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, 2014-2015 yillarda iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikasiya tizimlari va dasturiy ta`minotlarni joriy qilishga doir chora-tadbirlar va loyihalar ijrosini o`z vaqtida ta`minlashga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakillari, Iqtisodiyot vazirligi mas`ul xodimlari, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi mas`ullari, shuningdek loyiha ijrochilari – aksiyadorlik kompaniyalari, yirik ishlab chiqarish korxonalari, assosiasiya vakillari ishtirok etdilar, deya xabar beradi O`zbekiston Respublikasi Aloqa va axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari Davlat qo`mitasi axborot xizmati.
Aksiyadorlik kompaniyalari, yirik ishlab chiqarish korxonalari, assosiasiyalar tomonidan mazkur yo`nalishda amalga oshirilishi lozim bo`lgan birlamchi vazifalarning amalga oshirilishiga doir ishlar tanqidiy ko`rib chiqildi. Xususan, texnik vazifalarni ishlab chiqish, AKT va dasturiy ta`minotlarni joriy qilish orqali kutilayotgan iqtisodiy samaradorlik aks ettirilgan texnik iqtisodiy asosnomani shakllantirish bo`yicha ishlarni o`z vaqtida bajarilmayotgani yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Chora-tadbirlarni amalga oshirishga doir vazifalarga sovuqqonlik bilan munosabatda bo`layotgan mas`ul tashkilotlarga qat`iy ogohlantirish berilib, o`z vaqtida choralarning ko`rilmasligi loyihalarning kechikishiga sabab bo`lishi ta`kidlandi.
Shu bilan birgalikda, muassasalarda axborot-kommunikasiya texnologiyalariga mas`ul bo`linmalarning mavjud emasligi yoki bu vazifalarning faqatgina AKT ga mas`ul bo`linmalar zimmasiga yuklab qo`yilganligi, yirik tashkilot rahbarlari tomonidan tizimni avtomatlashtirish yuzasidan manfaatdorlikning yo`qligi bois ichki hisobotlarni ro`yxatga olinmasligi bu yo`ldagi chora-tadbirlarni amalga oshirilishda asosiy to`siq bo`lishi mumkinligi qayd etildi. Loyihalarning texnik iqtisodiy asosnomalarida AKT ning joriy qilinishi natijasida kutilayotgan samaradorlik, ishlab chiqarishning o`sishi, mahsulot yoki xizmat tan narxining pasayishi, sifatining ko`tarilishi, korxona rentabelliligining mustahkamlanishiga alohida e`tibor qaratish lozimligi ta`kidlandi.
Yig`ilish yakunida iqtisodiyotning barcha muassasalari – aksiyadorlik kompaniyalari, yirik ishlab chiqarish korxonalari, assosiasiya vakillariga mazkur masala yuzasidan zudlik bilan tegishli chora-tadbirlarni qabul qilish, texnik iqtisodiy asosnomalarni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksiga kiritish yuzasidan topshiriqlar yuklandi.

    Boshqa yangiliklar