Bir ishchi kuchi odatda nechta tovuqni parvarishlash imkoniyatiga ega? Uy sharoitida bu albatta, 50-60 boshdan oshmaydi. Biroq jarayon zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilsa, mazkur raqam yuz hatto ming karra ortishi mumkin.
Navoiy viloyatidagi “Karmana golden eggs” mas`uliyati cheklangan jamiyatida bir nafar xodim o`rtacha 5 ming bosh jo`ja parvarishlaydi. Korxonaning zamonaviy 4 tovuqxonasi Turkiyada ishlab chiqarilgan eng so`nggi rusumdagi texnologiyalar asosida jihozlangan bo`lib, ularning har birida 60 ming bosh jo`ja boqish imkoni mavjud, deb yozadi O`zA.
– Yaqinda Samarqand viloyatidan “Elsel” zotli jo`jalarni keltirdik, – deydi korxona texnologi A.Qo`ziev. – Bugungi kunda ularning parvarishi me`yordagidek olib borilmoqda. Maxsus kataklarga joylashtirilgan parrandalarga 21 xil komponentga ega maxsus ozuqa berilmoqda. Bu erda xona haroratini bir xil me`yorda saqlashdan tortib, belgilangan vaqtda jo`jalarga em va suv berish to`liq texnologik asosda amalga oshiriladi. Xodimlarimiz mazkur jarayonlarni nazorat qilib borishadi, xolos.
Korxonadagi 90 kunda tovuq etishtirishga mo`ljallangan parrandachilik majmuasida ellik ish o`rni yaratildi. Majmuada jo`ja uch oy davomida parvarishlanib, tuxum beradigan tovuq holida sotuvga chiqariladi. Bu erda 2019 yilda inkubasiya, tuxum etishtirish majmualarini ishga tushirish mo`ljallangan. Olinadigan mahsulotning 30 foizi eksportga chiqariladi, yana 100 kishining bandligi ta`minlanadi.
Parrandachilik majmuasida yil yakuniga qadar yana 25 nafar xodimning bandligi ta`minlanadi. Shuningdek, kelgusida jo`ja hamda tuxum etishtirish, qolaversa, maxsus ozuqa ishlab chiqarish ham shu erning o`zida amalga oshiriladi. Bu erda parrandachilikdan tashqari chorvachilikni tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog`ida mazkur korxonada bo`lib, loyiha tashabbuskori bilan kelajak rejalari haqida suhbatlashgan edi.






