AsosiyJamiyat

Tomorqadan unumli foydalanmagan 3 barobar ko`p soliq to`laydi

'Tomorqadan unumli foydalanmagan 3 barobar ko`p soliq to`laydi'ning rasmi

Xorazm viloyati Qo`shko`pir va Xiva tumanlarida tomorqadan unumli foydalanish, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari, oilaviy tadbirkorlarga yaratilayotgan soliq imtiyozlari masalalariga bag`ishlangan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

– Tomorqadan unumli foydalanib, arzon, sifatli meva-sabzavot va poliz mahsulotlari etishtirayotgan dehqonlar tajribasini ommalashtirish bo`yicha hududda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi bo`lim boshlig`i Z.Qurbonov. – Aholi bilan o`tkazilgan muloqotlarda mutaxassislar tomonidan qishloq aholisiga bankdan kredit olish, urug`lik va ko`chat etkazib berish, erning meliorativ holatini yaxshilash bo`yicha taklif hamda tavsiyalar berilmoqda. O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 291-moddasiga asosan yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan er uchastkalarining tomorqa qismiga qishloq xo`jaligi ekinlari ekilmagan yoki uni obodonlashtirilmagan hollarda 3 barobar miqdorda er solig`i to`lanishini belgilovchi qo`shimchalar kiritilgani haqida aholi xabardorligini oshirmoqdamiz.

Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig`i Jahongir Temurov rahbarlik qilayotgan viloyat to`rtinchi sektoriga biriktirilgan Xiva va Qo`shko`pir tumanlarida ham tomorqa xo`jaligini rivojlantirish orqali nafaqat oilasi, balki iqtisodiyotimiz rivojiga hissa qo`shayotgan fuqarolarning safi kengayib bormoqda. Mazkur hududlarning 10 mingdan ortiq xonadonlarida 11 ming gektarga yaqin tomorqa er maydoni mavjud. Dehqon xo`jaliklari va aholi tomorqa er maydonlaridan foydalanish samaradorligi yuzasidan ushbu tumanlarda olib borilgan o`rganishlar jarayonida fuqarolar tomonidan aniqlanayotgan kamchiliklar o`z echimini topmoqda. Jumladan, o`tgan davr mobaynida 5,7 gektar shaxsiy tomorqa er maydonlaridan samarasiz foydalanib kelayotgan fuqarolarga amaliy yordam ko`rsatildi. Chekka hududlarda tomorqa eridan unumli foydalanib, oilaviy tadbirkorlikni yo`lga qo`ygan va issiqxonalarda poliz ekinlari etishtirayotgan yurtdoshlarimiz ishtirokida amaliy mashg`ulotlar ham tashkil etilmoqda.

– Hozirda 60 sotix er maydonida issiqxona barpo etganmiz, – deydi Qo`shqo`pir tumani O`rtayop mahallasida yashovchi Temur Rahimov. – Issiqxonadan olinayotgan mahsulot kundalik ro`zg`or bilan birga, bozorda sotish uchun ham mo`ljallangan. 2017-2018 yillarning qish oylarida ismaloq, pomidor, bodring va achchiq qalampir ekib, 3 marta hosil olish evaziga yillik daromadimiz 100 million so`mdan oshdi. Daromad evaziga faoliyatimizni yanada kengaytirib, mahallamizdagi 30 dan ortiq ayollarni ish bilan ta`minladik.

    Boshqa yangiliklar