Ushbu sahifamiz qahramonlari har birimiz uchun uzoq yillardan beri tanish va qadrdon. Ular ishtirok etgan filmlardagi harbir lavha, har bir jumla deyarli yod bo`lib ketgan bo`lsada, har gal ekranga xuddi birinchi marotaba ko`rayotgandek tikilamiz. Yillar davomida ushbu filmlarni ko`rib millionlab tomoshabinlar voyaga etishgan bo`lsa-da, ular hamisha ana shunday - yosh va beg`uborligicha qolib ketishgan.
O`G`RILARNI ADABINI BERGAN KEVIN
Makoley Karson Kalkin 1980 yil 26 avgustda Nyu-Yorkda aktyor Kristofer Kornelius Kalkin va Patrisiya Brentrap oilasida uchinchi farzand bo`lib dunyoga keldi. U dunyoga kelgan oila juda nochor bo`lib, katolik cherkovining kichkina xonadonida yashashga majbur edilar...
Makoley katolik an`analariga muvofiq o`sib ulg`aydi. To`rt yoshga to`lganda Nyu-York filarmoniyasidagi «Bach Babies» spektaklida ijro etgan ilk debyut roli edi.
Ko`p o`tmay, 1985 yilda «Yarim kechasi» ( The Midnight Hour) filmida suratga tushdi. 1990 yilda “Uyda yolg`iz” filmi ekranlarga chiqqanidan so`ng Makoley butun dunyoga mashhur bo`lib ketdi. Ko`p o`tmay filmning ikkinchi qismi suratga olindi. Aynan shu filmdagi Kevin Mak-Kalistr roli uchun u “Oltin globus”ni qo`lga kiritdi.
1998 yilning 21 iyunida o`n etti yoshli aktyor Makoley aktrisa Reychel Maynerga uylandi. Yosh, tajribasiz Makoley va uning rafiqasi 2002 yilda ajrashdi.
Bugungacha ellikdan ortiq filmlarda suratga tushgan Makoley bizga asosan “Uyda yolg`iz” -1, “Uyda yolg`iz-2”, “Boyvachcha Rich” filmlari orqali yaxshi tanish.
KATTA BO`LIShNI ISTAMAGAN PAVLIK
Filmda o`zining nihoyatda ziyrakligi, yoshiga nisbatan kuchli iqtidori bilan nafaqat nafaqat tengdoshlari, balki kattalarni hayratga solgan Pavlik Orlov kattalar yashayotgan dunyoda bir muddat sayr qilib, to`satdan baxtli bolalikning qadriga eta boshlaydi. “Katta bo`lishni istamayman” deydi u film oxirida...
Aynan shu yoqimtoy bolakay rolini Kirill Golovko-Serskiy o`ynagan bo`lib, u 1975 yil, 21 iyunda tavallud topgan. “Kirill Serskiy ulg`ayganidan so`ng aktyorlik sohasida ijod qilishni istamaydi va hujjatlarini tarix fakultetiga topshiradi. Bir oz muddat jurnalistika sohasida ham ishlaydi, so`ng ota-onasining taklifi bilan Moskva badiiy akademik teatrida o`qiydi. 1997 yildan boshlab Moskvaning “Shar sirti” teatrida o`z faoliyatini boshlab, qator filmlarda ham suratga tusha boshlaydi.
MAKTABDAN KETIShGA MAJBUR QILGAN ROL
“Garri Potter” o`z sarguzashtlari bilan nafaqat bolajonlar, balki kattalarni ham ekran qarshisiga mixlab qo`ygani rost.
Filmdagi bosh rol ijrochisi Deniel Redklif 1989 yil 23 iyulda Londonda tug`ilgan. Besh yoshga to`lganida esa aktyorlikka bo`lgan qiziqish uni ilk marotaba maktabda sahnalashtirilgan maymunlar spektaklida ishtirok etishiga sabab bo`ldi.
Mashhur adiba Joan Rouling asari asosida ishlangan, yosh sehrgar va uning do`stlari hayotidan hikoya qiluvchi “Garri Potter” seriyasidagi filmlar yosh aktyorga olamshumul shon-shuhrat olib keldi.
“Garri Potter” filmining suratga olish ishlari boshlanganida Deniel maktabdagi darslardan ozod etilgan. Deniel rok musiqalarining ashaddiy tinglovchisi. Bugungacha Deniel yigirmadan ortiq filmlarda suratga tushishga ulgurdi.
BURATINO BUGUN NIMA BILAN BAND?
Dmítriy Vladímirovich Iósifov 1965 yil 22 oktyabrda, Belorussiyaning Minsk shahrida injener va biolog oilasida tug`ilgan. To`qqiz yoshligida rejissyor assistentining nazariga tushgan Dmitriy “Belorusfilm” kinostudiyasining “Buratino” filmiga bosh rolga taklif etiladi.
Ushbu film bolakayni butun dunyoga mashhur qilganidan so`ng, uni ikkinchi bor “Buratinoning sarguzashtlari” filmiga, boshqa bolakayning o`rniga rol ijro etishga taklif etishadi. Dmitriy navbatdagi filmdagi rolini ham qoyilmaqom qilib ijro etadi. Ilk ijodini Minskning teatr studiyasida boshlagan aktyor, keyinchalik boshqa kinostudiyalar suratga olgan kinokartinalarda ham suratga tusha boshlaydi va rejissyorlik sohasida ham o`z tajribasini oshira boshlaydi.
Dmitriy hozir o`zi rejissyorlik sohasida faoliyat yurityapti. Oilali, uch o`g`ilning otasi.
Mohichehra EShMIRZAEVA tayyorladi