1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni! Bu bayramga nafaqat bolalar, balki yoshi kattalar ham o`zgacha tayyorgarlik ko`rishi hech kimga sir emas. Bir kun bo`lsa ham bolalikka qaytib, eng qiziq onlarni yodga olish kishiga o`zgacha zavq bag`ishlaydi. 1 iyunda ko`pchilik farzandlari yoki uka-singillari bilan saylgohlarni kezib, ushbu kunni shirin xotiralar bilan ko`nglida saqlab qolishga harakat qiladi. Ushbu sahifamizda siz bilgan san`atkorlarning bolalik va hozirgi ko`rinishiga bir vaqtning o`zida nazar tashlash imkoniyatiga ega bo`lasiz.
“Meni sevib qolishsa, uyalardim”
1992-2014 yillar
Zarina Nizomiddinova: — Bolaligimda mo`min-qobil, kattalarning so`zidan chiqmaydigan qiz bo`lganman. Tarbiyachilarim ham aynan shu fazilatim uchun yaxshi ko`rishardi. Guruhdoshlarim singari ko`zga tashlanadigan qiz bo`lmasam ham, negadir aksariyat bolalar meni yoqtirib qolishardi. Buni o`zimga aytishsa, yig`lardim. Negaligiga hayronman. Bir marta Botir ismli bola “Zarina, ya tebya lyublyu!” deganida bog`cha opamga aytib berganman. Ammo tarbiyachimdan “Esli lyubit, eto xorosho”, degan javob olgach, rosa xarxasha qilganman. Bu ishim uchun meni burchakka turg`izib qo`yishgan. Onam bog`chadan olishga kelganida “Oyi, boshqa bu erga kelmayman. Bog`cha opam uyatsiz ekan!” degandim (kuladi). Sevgi izhoridan uyalib, xarxasha qilganman, shekilli.
Tajriba qilish bo`yicha “mutahassis”
1985-2014 yillar
Sardor Rahimxon: — Maktab yoshigacha rosa sho`x bo`lganman. Doim mushtlashib, gap talashaverganim uchun dadam rahmatli urushib-urishib uyga olib kirardi. Shunda “nega boshqalar ko`chada, men uyda o`tirishim kerak?” degan alamli fikr xayolimdan o`tardi. Bir marta eski hovlimizning erto`lasini “shlanka”dan suv quyib to`ldirganman. Erto`la suvga to`lsa, nima bo`lishini bilmoqchi bo`lganman (kuladi). Boshqa uyga ko`chganimizda ham erto`la suvi to`liq qurib bo`lmagani yodimda. Tajriba o`tkazish bo`yicha “mutaxassis” edim-da! Bir gal gilamni dazmollash “g`oya”si kelib qolgan. Dazmol qanday qizishini bilish uchun uni gilamning ustiga qo`yganman. Dazmol qiziguncha esa gilamning holi voy bo`lgan. Bu hali “tajriba”larimning eng oddiysi (miriqib kuladi).
“Bog`chada Katya ismli tansoqchim bo`lardi”
1991-2014
Nigora Ismoilova: — Bolaligimni ajib tuyg`ular bilan eslayman. Ayniqsa, bog`cha davri unutib bo`lmas xotiralar bilan yodimda qolgan. Esimda, Katya ismli dugonam bor edi. U ancha gavdali bo`lgani uchun meni “zo`ravon”lardan himoya qilardi (kuladi). Bog`chada meni Nodir ismli ikki bola yoqtirib qolgan. Keyin bilsam, ular kim birinchi bo`lib gapirish uchun bahs boylar ekan. Ertalabdan menga “hujum” qilib, bezor qilishardi. Ulardan qutilishga himoyachim Katya yordam berardi. Evaziga dugonamga bo`tqamni berardim. Gohida bo`tqani nonga surilgan “povidlo”ga almashganlarim ham esimda. Men bo`tqani yomon ko`rsam, Katya “povidolo”ni yoqtirmasdi. Shuning uchun kelishuvimiz doim ijobiy yakun topgan.
YaNGI YIL KEChASIDAGI QIYShIQ ARChA
1989-2014
Doston Ubaydullaev: — Nazarimda, kichkina Dostonni hamma yaxshi biladi. Ammo hech qaerda aytilmagan Yangi yil voqeasini aytib bermoqchiman. Yangi yil kirib kelish oldidan, archa va dasturxon bezatilgan. Ikkinchi akam dasturxonga qo`yilgan bananning bittasini olib emoqchi bo`lganini ko`rib, mening ham aynan shu bananga “ishqim tushdi”. Akam ikkimiz o`sha bananni eymiz, deb rosa talashdik. O`rindiqdan o`rindiqqa sakrab, akamni quvlashga tushdim. Akam “kreslo”ga o`tirganini ko`rib, o`zimni o`sha tomonga otdim. G`ildirakli “kreslo” esa to`g`ri borib, bezatilgan archaga urildi. Natijada ikkalamiz ham archaning tagida qoldik (miriqib kuladi). Hozir kulyapman-u, lekin o`sha payt ahvolimiz kuladigan emasdi. O`yinchoqlarni singan, qiyshiq archa bilan Yangi yilni kutib olganmiz.
“Tikuvchilik qilganman”
1990 - 2014
Ulug`bek Rahmatullaev: — Bolaligimdan hamma narsaga qiziqib, tajriba qilib, “malakam”ni oshirishni yoqtirardim. Bir kuni ukam Dilshod bilan uyda yolg`iz qoldik. Televizorda ayollar ko`ylagini tikishni o`rgatishayotgandi. Bu ish mening ham qo`limdan keladi, deb Dilshod ukamni “qurbon” qilgandim. Ya`ni, onamning qimmatbaho matolarini ukam yordamida olganman. Dilshod meni bu yo`ldan qaytarmoqchi bo`lsada, qarshilik bildirib, o`z ishimda davom etverardim. Shunday qilib, uzun matoni qandaydir o`lchamda kesib-bichganman. Eng qizig`i, televizorda kiyimni qanday bichib, qanday kesganini ko`ribmanu, tikish jarayonini ko`rmay qolganman (kuladi). Xullas, onamning eng qimmat va yaxshi ko`rgan matolarini rasvosini chiqarganman. Onamdan eshitgan dakkilarimni hozir ham eslagim kelmaydi (xandon otib kulib). Lekin barchasiga ukamni ayblab qo`ya qolganman. Dilshod haligacha “o`shanda menga yomon tuhmat qilgandingiz-a, aka?” deb kulib qo`yadi. “Bola bo`lsang, sho`x bo`l”, degan gap aynan men uchun aytilgan bo`lsa kerak.
Aliya SULAYMANOVA tayyorladi
Fotomuxbir: Ravshan ShOKIROV