Shavkat Mirziyoev Samarqand viloyatiga tashrifi nihoyasida Milliy gvardiya bo`linmasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, harbiylarga yaratilayotgan sharoitlar haqida axborot berildi. Qo`shinlarning qurol-aslaha va aloqa vositalari ta`minlanishi, harbiy xizmatchilarning jismoniy va jangovar tayyorgarligiga e`tibor qaratildi.
O`zbekiston Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni vaziyatni doimiy tahlil qilish, xatarlarning oldini oldini olish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash bo`yicha ko`rsatmalar berdi. Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi buyuk sarkardalarimiz harbiy mahoratini o`rganish, o`quv-taktik metodikani rivojlantirish, harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish zarurligini ta`kidladi.
Shavkat Mirziyoev zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog`larni ko`zdan kechirdi. Taklif etilayotgan harbiy kiyimlar bilan tanishdi.
Harbiy liboslar milliyligimizni aks ettiradigan, tarixda qoladigan bo`lishi kerak. Shuning uchun bu masalani har tomonlama o`ylash, loyihalarni xalq muhokamasiga qo`yish zarur, dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoevning Samarqand viloyatiga tashrifi nihoyasiga etdi.








