1

Murg`ak go`dakning qotiliga aylangan shifokor

Jinoyat 21.03.2018, 12:29
Murg`ak go`dakning qotiliga aylangan shifokor

Oq xalatning ustidan to`q ko`krang palto kiygan ayol xiyobonda shoshilib ketib borardi. U muzlab yotgan o`rindiqlarning biri yonida to`xtab, kichkina tugunchani yaxlab yotgan taxta ustiga qo`ygancha, yana yugurib ortiga qaytdi. Tonggi xiyobonni bir necha daqiqa sukunat qopladi. Birozdan so`ng atrofni chaqaloq yig`isi junbishga keltirdi. Bu ovozdan daraxtlarning muz qoplagan shoxlari ham titrab ketdi...

Hammasi nimadan boshlangan edi?

Malika ko`chada ko`zlari yoshga to`lib, ketib borardi. “Endi nima qilaman?” degan o`y uning ich-etini tirnardi. Quloqlari ostida qaynonasining “Eringni ushlab qololmagan bo`lsang, bu sening aybing! Men sening cho`ring emasman!” degan zaharli ovozi hamda onasining mungli tovushda “Bolang bilan uyimizga sig`maysan. Axir o`zimiz zo`rg`a kun kechirayotgan bo`lsak. Yaxshisi eringning urug`-aymog`i bilan gaplashib ko`r...” degan so`zlari yangradi.

Biroq uni hech kim tinglashni istamadi. Axir qachonlardir Qayum uni uyiga etaklab kelib, faxr bilan “Bu bo`lajak rafiqam, menga undan boshqa odam kerak emas! “ deb shart qo`ygan edi.

O`shanda onasi o`g`liningkambag`al oilaning qizini etaklab kelganidan jahli chiqib, urishgan, bu qaddi-qomati, chiroyi, boyligi bilan Malikadan-da go`zalroq qizga uylanishi mumkinligini tushuntirishga harakat qilgan, ammo foydasi bo`lmagandi.

- Oyi, Malika kambag`al oilaning qizi emas, ular shunchaki kamtarona hayot kechirishadi. Ularning oilasida besh farzand bor, yolg`iz otasining o`zi ishlaydi. Onasi esa nogiron. Malikaning o`zi go`zal va mehnatkash qiz, - deb onasini ishontirishga harakat qilgandi Qayum.

Malika haqiqatan ham go`zal qiz edi. Uning ko`zlari charos, uzun kokillari esa tovonini o`pardi. Biroq qanday qilib, qaynonasini “o`g`lining boshini aylantirib olmaganligiga” ishontirishni bilmadi. Qayum ikki oyog`ini bir etikka tiqib olgandan keyin to`y bo`ldi...

Tasodifiy xabar

Malika bugun ertaroq uyga yo`l oldi, uning og`zi qulog`ida, labida tabassum o`ynardi.

- Ha, buncha xursandsan, tinchlikmi? – deb norozi ohangda so`radi ayvonda choy ichib o`tirgan qaynonasi.

- Quvonchli xabarim bor, - dedi Malika qaynonasining to`ng`illashiga e`tibor bermay. – Bu xabarning qanchalik quvonchli ekanligini tasavvur ham qilolmaysiz, oyijon...

- Nima, otangdan qolgan merosga ega bo`ldingmi? – dedi qaynonasi zaharxandalik bilan.

- Undan ham zo`r! – deb kuldi Malika. – Men homiladorman, bolali bo`laman, siz esa yaqinda buvi bo`lasiz!

- Nima? – deb sarosimaga tushdi ayol. – Nima deding? Qanaqa bola?

- Nevarangiz ... – dedi Malika qaynonasining qilig`idan hayratga tushib. – Nima, bundan xursand emasmisiz?

- Nimasiga xursand bo`lishim kerak? Qayum endigina institutni bitirgan, hali ishga joylashmagan bo`lsa, - dedi ayol jangga shaylangan xo`roz kabi.

Malika lom-mim demay xonasi tomon yo`l oldi, to eri kelguncha hovliga chiqmadi. Malikaning homiladorligini eshitgan Qayumning quvonchdan boshi ko`kka etdi.

- Men ota bo`laman! Farzandli bo`laman! Malika, meni qanchalik xursand qilganingni tasavvur ham qilolmaysan! – dedi Qayum xursandchilikdan entikib. U rafiqasiga o`zgacha bir mehr-muhabbat bilan tikildi.

- O`g`lim, esingni yig`! - deb onasi uning aqlini kiritishga harakat qildi. – Xato qilyapsan, juda katta xato! Keyin kech bo`ladi. Hali ishga kirmagan bo`lsang, oilangni qanday qilib boqmoqchisan? Otang bilan seni boqib, oyoqqa turg`azdik, endi bolangni ham biz boqishimiz kerakmi? Bunga kuchimiz etmaydi.

Onasining gaplari Qayumga qattiq ta`sir qilganligi uchun zudlik bilan qaror qabul qildi.

- Bo`pti, oyi men ishlab pul topib kelaman! Uzog`i bilan olti oyda yaxshigina pul topib, o`z biznesimni ochaman, - dedi Qayum.

Avvaliga erining uzoq yurtlarga ketishidan cho`chigan Malika “Olti oy nima degan gap, birpasda o`tadi-ketadi. Sog`-salomat qutulib olsam, hammasi yaxshi bo`ladi ”, deb o`zini tinchlantirdi.

Ayriliq

Ilk uch oyda Malika faqat o`zining sog`ligi bilan ovora bo`ldi. Qayum tez-tez qo`ng`iroq qilar, pul yuborib turardi. Bora-bora u qo`ng`iroq qilmay, suvga tushga toshday jim bo`lib ketdi. Malikaning elektron pochtasiga keladigan xatlar ham to`xtadi. Bunga chidolmagan Malika eriga xat yozdi:

“Iltimos, tezroq qayting, yaqinda ko`zim yoriydi. Farzandimizni sog`-salomat qo`lga olaylik. Yolg`iz juda qiynalib ketdim. Bolam bilan menga katta pul kerakmas, bizga siz, mehr-muhabbatingiz kerak”.

Nihoyat bir muddat jim-jitlikdan so`ng Qayumdan javob xati keldi:

“Malika, o`tinaman, meni kechir! Men boshqa ayolni sevib qoldim. U ham homilador, mendan farzand kutyapti. Ajrashishni keyinroq hal qilamiz. Bolang bilan senga muntazam ravishda pul jo`natib turman. Yolvoraman, meni kechir...”

Bu Malika uchun og`ir zarba bo`ldi. Hammasidan ham yomoni uning yolg`iz qolgani bo`ldi.

– Eringni tutib qolomading – o`zing aybdorsan, – zahrini sochdi qaynona. – Men senga cho`ring emasman.

Onasi esa qo`l siltab qo`yaverdi:

– Bolang bilan seni qayoqqa sig`diramiz, qizim? O`zing bilasan, qo`l uchida kun ko`ramiz.

Chorasi topildi

Nihoyat, Malika tugunning echimini topdi. Tug`ruqxonada dori-darmon va xlor hidi anqirdi. Malika sekin ginekolog shifokor kabinet xonasi yoniga kelib to`xtadi. Peshlavhachaga: “Nozima Majidovna Kabirova”, deb yozilgandi. Malika eshikni ochishga yuragi dov bermay taraddudlanib qoldi.

– Assalomu alaykum.

– Xayrli kun, kiring. Nima shikoyatingiz bor? – deya so`radi sochlarini bir tekis qilib taragan durkun ayol.

– Bir savolim bor edi, homiladorlikning qaysi oyida abort qildirish mumkin?

Shifokor ayol juvonning qorniga ma`nodor boqdi.

– Sizning holatingizda umuman mumkin emas.

– Shunday qilishim zarur bo`lsa-chi? Mo`maygina to`layman.

– Sabab? – quruqqina so`radi shifokor ayol.

– Tug`ilgani bilan na otasiga, bobo-buvisiga kerak bo`lmaydi. Yaxshisi, hozir qutulganimiz ma`qul, – deya Malika yig`lamsiradi.

Shifokor ayol diqqat bilan juvonga tikildi.

– Boshqa yo`li yo`qmi?

– Yo`q.

– Bir amallasa bo`ladi. Faqat bu sizga qimmatga tushadi...

Durkun shifokor kattagina pul miqdorini qog`ozga yozib ko`rsatdi. Malika rozi bo`lgach, o`sha zahoti juvonni ginekologiya bo`limidagi palatalardan biriga joylashtirdi. Hech qanday hujjat rasmiylashtirmadi, kasallik tarixi ham ochib o`tirmadi. Besh daqiqadan so`ng Nozima Majidovna to`rtga bo`lingan xapdori bilan juvonning palatasiga kirdi.

– Ich, – deya bir stakan suv bilan dorini uzatdi.

– Nima bu? – hayron bo`lib so`radi Malika.

– Bu muddatdan avval to`lg`oqni chaqiradigan dori, – dedi bamaylixotir shifokor.

– Bola tirik qoladimi?

– Tashvishlanma, oddiy bola tushishidek bo`ladi.

“Mehribon” shifokor

Malika dorini ichib, yotdi. Qanchalik vahima bosmasin, ma`lum oraliq vaqtda dori ichaverdi. Va nihoyat, chinakam to`lg`oq azobi boshlandi. Keyin o`zi qo`rqqan hodisa yuz berdi, bola tushdi. Biroq ayol uning tirikligini bilmadi. Shifokor Kabirova ham buni ko`rdi. Voqeadan tug`ruqxona xodimlari ham xabar topishdi.

- Nozima Majidovna, chaqaloqni tug`ruq bo`limiga o`tkazish kerakmidi...- dedi qo`rqa-pisa yoshi bir joyga borib qolgan kasalxona sanitari Nasiba opa.

Kabirova ayolning gaplarini eshitmaganday, unga xotirjam ovozda buyruq berdi:

- Siz borib ishingizni qiling, bu muammoni o`zim hal qilaman. Tilingizga erk berib, birovlarga gapirib yurmang. Yopiqlik qozon yopig`ligicha qolsin. Yaxshi bilasiz, sizning yoshingizda ish topish qiyin masala...

Nasiba opa shifokorga zimdan nazar tashlagancha nari ketdi.

Razil qotillik

Nasiba opa shifokor ayolning bolaga nisbatan bunday munosabati nima bilan yakun topishini yaxshi tushunardi. Shuning uchun ham bemorlar yotgan palataga kirmasdan yana ortiga qaytdi. Koridordan shoshilib yurgancha, ehtiyotkorlik bilan kabinetga nazar soldi. Xonada Kabirova ham, chaqaloq ham yo`q edi. Nasiba opa avval bolalar xonasiga, keyin jonlantirish bo`limiga kirib chiqdi. Bola erda ham, ko`kda ham yo`q, izsiz g`oyib bo`lgan edi.

Nasiba-opa xorosho ponimala, chem grozit mladensu takoe otnoshenie vracha.

Ertasi kuni tongda xiyobonni tozalashga kelgan farrosh o`rindiqlardan birida sovuqdan muzlab qolgan chaqaloq jasadini topdi.

Dahshatli voqeadan xabar topgan Nasiba opa ko`zda yosh bilan bo`lib o`tgan voqeani tezkor guruh boshlig`iga so`zlab berdi:

- Bu ishni kim qilganini yaxshi bilaman...

So`nggi pushaymon — o`zingga dushman

Palataga ichki ishlar xodimlari kirganda Malika hayron qoldi. Bo`lib o`tgan voqeani eshitgandan keyin dahshatga tushdi:

- Bolam tirikmikan? – dedi qo`rquvdan talvasaga tushgan Malika. – Ammo shifokor ayol bunday muddatda tug`ilgan chaqaloqlar yashamaydi degandi.

- Bunga razilikka qanday jur`at qildingiz? Axir u sizning jigarbandingiz edi-ku? – deya savolga tutdi ichki ishlar xodimi.

- Boshqa ilojim yo`q edi, - deb hiqillay boshladi Malika. – Uning hech kimga keraksiz ravishda ulg`ayishini istamadim.

- Uning mehribon onasi bo`lishi mumkin edi-ku, - e`tiroz bildirdi xodim. - Farzand uchun shuning o`zi etarli emasmi?

- Yolg`iz o`zim uni qanday qilib oyoqqa turg`izardim? Nima bilan boqardim? Bir o`zim nima qila olardim?!

- Agar farzandingizni dunyoga keltirganingizda hammasi yo`lga tushib ketardi.

- Yolg`iz onalarga qanday munosabatda bo`lishlariga e`tibor berganmisiz? Bolamni tengdoshlari masxara qilishlari mumkin edi. Uning kulgiga qolishini istamadim.

- Ammo qilgan ishingiz muammoning echimi emas, axir dilbandingizni o`z qo`lingizbilan qotillar qo`liga topshirdingiz.

Ayol yuzini yostiqqa bosgancha, ho`ngrab yig`lab yubordi:

- Meni kechir, bolajaonim! Oldingda gunohkorman! Bu tavqi-lan`at bir umr peshanamga tamg`a bo`lib qoladi!

- Ko`rsatma berish uchun biz bilan ketishingizga to`g`ri keladi, – dedi xodim.

Xotima

Sud Nozima Kabirovnaga umumiy tartibli koloniyada o`tash sharti bilan 10 yil-u, 6 oy ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi

Ism-familiyalar o`zgartirilgan.

Sardor O`ROZBOEV,

O`zbekiston Respublikasi

Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori

Lola ShOIMOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1