Munisa Rizaeva! U haqida gap ketganda, uni omadli xonanda sifatida tilga olishadi. San`atga kechroq qadam qo`ygan bo`lsa ham bugun u haqida gapirishyapti, qo`shiq va kliplari e`tibor markazida. Ammo aksariyat kishilarning fikricha, 2013 yil Munisa uchun etarli darajada og`ir keldi. Uning shaxsiy hayoti bilan sodir bo`lgan voqealar, do`stining xiyonati bir muncha qaddini bukdi. Lekin shunday bo`lsa ham u hali hamon san`atda, ijod qilishdan chekinmadi. Ketma-ket ijod na`munalarini taqdim qilish orqali engilmas ekanini isbotlamoqchidir balki...
— Assalomu alaykum! Siz bilan yana bir bor uchrashib turganimdan hursandman.
— Assalomu alaykum! Taklif uchun tashakkur. “Darakchi” bilan doimgidek unutilmas suhbat bo`lishiga ishonaman.
— Ko`rinishingiz a`lo darajada, ammo negadir xomushsiz? Ko`zlaringizda ma`yuslik bor...
— (Biroz sukut saqlab, o`ylandi) Nega unday deysiz, hammasi yaxshi. Sizga shunday tuyulayotgandir... Shunchaki, bahorda bo`lib turadigan “allergiya”. Kuchli yo`tal biroz qiynayapti.
— Ayni kunlarda nimalar bilan bandsiz?
— Aslida qilishim kerak bo`lgan ishlarim juda ko`p. Ularning barchasini muxlislarga taqdim etgim kelyapti-ku, faqat tinglovchilarni “to`ydirib” qo`yishdan cho`chiyapman. Kuni kecha taqdim etilgan “Yorim-ey” qo`shig`iga ishlangandan klipidan so`ng sokin qo`shiq yozishga qaror qildim. Bu qo`shiq tinglovchilar tomonidan biroz unutilgan, milliy estrada yo`nalishida kuylangan. Nazarimda, bu ijod mahsulim haqiqiy nostalgiya bo`la oladi.
— Ijodiy rejalarning ko`pligi yaxshi. Ammo hozirda boshlanib, yakuniga etmagan to`yingiz haqida gap-so`zlar tinmayapti. Shov-shuv bilan e`lon qilingan to`yning to`xtatilishi sababi hammaga qiziq!
— Aslida yaqin kunlargacha Jasurni tanimasdim ham. Bu yigitning hayotimga qanday qilib kutilmaganda kirib kelganini boshqalar mayli-yu o`zim ham to`liq tushunib etmadim. Qisqasi, bir kuni studiyada qo`shiq yozish jarayonida do`stim orqali tanishib qoldik. Qarabsizki, ertasi kuni sevgi izhorlari-yu turmush qurish haqidagi takliflarni eshityapman.
— Bularning hammasi reklama uchun o`ylab topilgan, gap deganlarga javobingiz?
— Munisa o`zi uchun “piar” qildi, deyishsa qattiq adashishadi. Jasur borasida esa ... uning uchun javob berolmayman. Uning nima maqsadda bu ishlarni boshlagani men uchun qorong`u. To`g`ri, avvaliga izhor va takliflarni eshitib, balki u men orqali o`zini “piar” qilmoqchidir, degan o`yga bordim. Ammo menga aytgan dil-so`zlarini isboti sifatida uyimga sovchilarini yuborgandan so`ng gaplariga ishongandim. Ammo sovchilarga rozilik berishga shoshilmadik. Dadam chet el safarida edi. Uning ishtirokisiz bunday qaror qabul qilishimiz mumkin emas. Dadam kelgach esa hamma narsani oldindan bilganday to`yga rozilik bermadi. Bu orada men ham shou-biznesdagi boshqa hamkasblarim tomonidan Jasur haqida turli gap-so`zlar eshitdim. Ular orasida omma oldida aytib bo`lmaydiganlari ham bor. Bunday inson bilan turmush qurishim mumkin emas! Bilishimcha, Jasur hamon to`yga umid bog`layapti. Ammo o`zim uchun qat`iy qarorni qabul qilib bo`ldim. U ming urinsa ham to`y bo`lmaydi!
— Dabdabali tarzda turmush qurish taklifini bildirdi va siz rozilik berdingiz. Buni omma e`tiboriga e`lon qilgachgina, ortga qaytdingiz. Jiddiy qadam tashlashdan oldin qaror qabul qilish kerak emasmidi yo shoshib qoldingizmi?
— (Biroz o`ylab) Gap shoshib qolganimda ham emas... Shunchaki, hammasi juda tez va o`zim istagandek bo`layotgandi. Men qo`ygan shartlarning barchasiga rozi bo`lgandi, hatto kuylashimga ham qarshilik bildirmadi. Aslida ham oila qurganimdan keyin hozirgidek ijodimni davom ettirishni istayman. Bundan tashqari, turmush o`rtog`im san`atkor bo`lishini xohlagandim. Kutilmaganda ro`yobga chiqqan orzularimni ko`rib, balki biroz dovdirab qolgandirman... Aytgan gaplari, sevgi-izhorlari, oilamga munosabatini ko`rib, men kutgan inson shu bo`lsa kerak, debman-da... Keyin bilsam, u “katta teatr”ning eng mahoratli aktyori ekan, xolos...
— Tili kuygan qatiqni ham puflab ichadi, deyishadi...
— Keyingi safar taklifnomalarni tarqatayotganimdagina odamlarga to`yim haqida ma`lum qilsam kerak. (Biroz sukut saqlab) Ochig`i, qanday yo`l tutishni ham bilmay qoldim. Taqdir “sovg`alarini” qanday kutib olishga ham boshim qotdi... Hamma narsani vaqt hal qiladi. Hech qanday reja qilmayman!
— So`nggi paytlarda Munisa Rizaeva haqidagi yangiliklarning barchasi negadir puchga chiqyapti. Masalan, konsert, to`y... Barchasini omadsizlikka yo`yish mumkinmi yoki boshqa sabablari bormi?
— Gap omadsizlikda emas. Odam qanchalik tanilsa, dushmanlari ham ko`payaverarkan. Meni sindirmoqchi bo`lganlar juda ko`p... Shou-biznesda hamma erkalik va xohishlarimni amalga oshiradigan kuchli “homiy”larim yo`q. O`zim uchun o`zim xomiy va ustunman. Mendaylarni bu “olam”da hamma ham yoqtiravermasligini angladim...
— May oyida o`tishi rejelashtirilgan kosnertingizni qoldirilishini hamma o`zicha baholadi. Biroq ko`pchilik “Rizaevaning lisenziyasi olib qo`yilgani sabab bo`ldi”, deb o`yladi...
— Bo`lmagan gap! Lisenziya bilan muammo bo`lmagan. Bundan keyin ham siz aytgan holatga tushmaslikka harakat qilaman.
— Rizaevaning shou-biznesdagi reytingi avvalgidek emas...
— Reytingimni to`ylar bilan baholaydigan bo`lganman. Har kuni xalq xizmatiga boraman. Demak, Munisa Rizaevaga talab bo`lyapti, u o`zgarmagan. Shunday ekan, reytingi tushgan, deyish noto`g`ri!
— Gaplaringizdan ko`rinib turibdiki, ilk ko`rishganimizdagi Munisadan asar ham qolmagan...
— Meni san`at o`zgartirdi! Bu hamma o`ylaganidek “yulduzlik kasaligi” emas. Odamlarning bilib-bilmay gap tarqatishidan qo`rqib qolganman. Bugun “odamlar nima deb o`ylarkin?” degan fikr bilan yashaydigan bo`lib qolganman. Juda ta`sirchan va yig`loqiga aylanganimni ham yashirmayman. Arzimas narsalar ham ko`nglimga og`ir botyapti. Munisa Rizaeva bu darajada o`zgarib ketishini hatto o`zi ham tasavvur qilmagandi...
— Ijodiy faoliyatingiz davomida shou-biznes tarbiyalagan qaysi jihatlaringizni ayta olasiz?
— Adashasiz, meni shou-biznes emas, odamlar tarbiyalab boryapti! Faoliyatim davomida ko`plarning asl qiyofasini ko`rib, ko`zim ochildi. Qaerga qaramang, kimlardir nimalardir uchun kurash olib borishyapti. O`sha nima? Buning javobini hatto ularning o`zi ham bilmaydi. Bilmaydigan narsa uchun kurashib, insoniyligini unutayotganlar qancha. Mayli, hammamiz uchun insof so`rashdan boshqa ilojim yo`q!
Uch yil avval tanishgan Munisani bugun ko`rmadim. U haqiqatdan ham o`zgargan! O`zi aytganidek, balki hayot, san`at va unga nisbatan odamlarning fikrlari bunga majbur qilgandir? Kim biladi, deysiz balki bu uning foydasi uchundir?...
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi





