Samvel Babayan Latviya chempioni "Spartak" Yurmala jamoasining bosh murabbiyiga aylandi. Bu haqda championat.asia xabar bermoqda.
Ketma-ket ikkinchi yil Latviya chempioniga aylangan "Spartak" Yurmala jamoasini endilikda o`zbekistonlik mutaxassis Samvel Babayan boshqaradi. Yangi jamoada Samvel Babayanga Viktor Jalilov hamda Grigoriy Kolosovskiy yordamchi murabbiy sifatida ko`maklashishadi.
O`FA Samvel Babayanni futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug`ullanishdan chetlashtirgandi. Biz shu munosabat bilan Latviya futbol federasiyasiga murojaat qilganimizda, ular O`FA Ijroqumi Babayandan 1 fevral kuni diskvalifikasiyani olib tashlanganini tasdiqlashdi. Shu boisdan ham Samvel Babayan endilikda xorijda murabbiylik faoliyatini davom ettirishi mumkin.
"Spartak" Yurmala Latviya chempioni sifatida kelasi mavsumda EChL saralash bosqichidan o`z ishtirokini boshlaydi. Samvel Babayan EChL doirasidagi o`yinda ishtirok etadigan ilk o`zbekistonlik mutaxassisga aylanishi mumkin.
Latviya chempionatining yangi mavsumi kelasi hafta start oladi. Babayan 1 aprel kuni Latviya chempionatidagi o`z debyutini "Elgava" jamoasiga qarshi o`tkazadi.






