1

O`zbekiston Markaziy Osiyoning yangi kriptopoytaxti deb e`tirof etildi

Siyosat 28.03.2018, 21:59
O`zbekiston Markaziy Osiyoning yangi kriptopoytaxti deb e`tirof etildi

Toshkentda 28 aprel kuni 25 mamlakat va 100ga yaqin tashkilot vakillari ishtirokida blokcheyn va kriptovalyutalar bo`yicha Butunjahon sammiti o`tkaziladi. Bu haqda Sputnik nashri xabar qilmoqda.

"MDHning uchinchi o`rindagi eng yirik iqtisodiyoti — O`zbekistonga xush kelibsiz! Mamlakat iqtisodiy siyosatidagi o`zgarishlar va tayyorlanayotgan qonunchilik islohotlaridan kelib chiqib, O`zbekiston Markaziy Osiyoning yangi kriptopoytaxti sifatida tanlandi", deyiladi sammit saytida.

Tashkilotchilarning fikricha, Toshkentda bo`lib o`tadigan blokcheyn va kriptovalyutalar bo`yicha Butunjahon sammiti investisiyalar va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlarga to`la yangi bozorga chiqish uchun o`ziga xos imkoniyatdir.

Ishtirokchilar International Hotel Tashkent mehmonxonasida raqamli iqtisodiyot, jumladan, ma`lumotlar maxfiyligi, blokcheyn-texnologiyalarni qo`llash, mayning, kriptovalyutani saqlash va almashtirish masalalari bo`yicha muhokamalar o`tkazishadi.

Sammitda Qozog`iston, Latviya, Gollandiya, Isroil, Bahrayn, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Rossiya, Nigeriya va boshqa davlatlardan kelgan blokcheyn va kriptovalyuta bo`yicha mutaxassislarning chiqishlari rejalashtirilgan.

Sammit doirasida O`zbekiston bo`yicha loyihalar taqdim etiladigan Uzbekistan ICO Show tadbiri ham bo`lib o`tadi.

O`zbekiston 2018 yil boshida kriptovalyuta yig`ish eng arzon tushadigan mamlakatlar ro`yxatida jahonda uchinchi o`rinni egallagandi.

International Business Times nashri ekspertlarining hisoblashlaricha, O`zbekistonda bir bitkoyn yig`ish 1790 dollarga tushadi. Bu borada faqatgina Trinidad va Tobago (1190 dollar) va Venesuela (531 dollar) O`zbekistondan yuqori o`rinda turadi. Janubiy Koreya bitkoyn yig`ish befoyda mamlakat deb topilgan, bu erda bir bitkoyn yig`ish 26170 dollarga tushadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1