Sal oldinroq Venesuela ommaviy axborot vositalari tomonidan mamlakatning Karabobo shtati polisiyasi qamoqxonasida g`alayon ko`tarilgani, oqibatda besh nafar mahbus halok bo`lib, ikki nafar polisiyachi yaralangani haqidagi xabarlar tarqatilgan edi. Keyinroq esa qamoqxonada yong`in chiqqani, o`nlab qurbonlar borligi to`g`risida ma`lum qilindi.
TASS bergan xabarga ko`ra bugun Venesuela Bosh Prokurori Tarek Uilyam Saab “Twitter"da Karabobo shtati polisiyasi qamoqxonasida yong`in sodir bo`lib, mahbuslar halok bo`lganini rasman tasdiqladi.
Venesuela Bosh Prokurorining qayd etishicha, qurbonlar soni 68 nafar. Yong`in mahbuslar va ularning oila a`zolari uchrashadigan binoda chiqqan.
“Fojia sabablari aniqlanadi, har tomonlama surishtiruv-tergov ishlari olib boriladi. Aybdorlar o`z jazosini oladi”, deya va`da bergan Venesuela Bosh Prokurori Tarek Uilyam Saab “Twitter"dagi yana bir xabarida.
29.03.2018 11:16
Venesuelada yong`in oqibatida ko`plab mahbuslar halok bo`ldi






