O`zbekistonning “GM Uzbekistan” zavodi “Chevrolet Tacker” va yangilangan “Chevrolet Cobalt” rusumlarini ishlab chiqarishni boshlaydi. Mazkur avtoulovlar Rossiya bozoriga “Ravon” markasi ostida etkazib beriladi. Bu haqda “Xalq so`zi” nashri xabar berdi.
Yangi avtomashinalar sotuvini 2019 yildan boshlab yo`lga qo`yish rejalashtirilgan. Lekin ularning taqdimoti joriy yilda o`tkaziladi.
Yangi “Ravon R4” tejamkor transport vositasi hisoblanib, tashqi ko`rinishi “Cobalt”ning birinchi turkuminiki bilan deyarli bir xil. Biroq ancha zamonaviylashtirilgan. Oldingi optika va ort chiroqlarning takomillashtirilgani, radiator panjarasi va kuzov qismlari, salon intererlaridagi o`zgarishlar shular jumlasidandir.
Mazkur rusumning Rossiya bozoriga chiqarilishi bilan “Ravon Gentra” savdosi to`xtatiladi.
“Ravon Tracker” esa shahar sharoitiga moslashtirilgan krossover bo`lib, o`zining “Chevrolet Corvette”, “Malibu” va “Volt”nikiga o`xshash yorqin dizayni bilan ajralib turadi. Undagi takomillashtirilgan bamper, radiator panjarasi, yangilangan ort chiroqlar, galogen va svetodiod yoritqichlar e`tiborni o`ziga tortadi.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning yanvar oyida Rossiyada 1470 dona o`zbek avtosi xarid qilingan va bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan uch barobar ko`pdir.






