Moliya vazirining buyrug`i bilan Oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida o`qitishning to`lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag`larni taqsimlash tartibi to`g`risidagi nizomga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma yozmoqda.
Eslatib o`tamiz, 2017/2018 o`quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalarida oshirilgan kontrakt stavkalari bo`yicha qo`shimcha ravishda o`qishga qabul qilish joriy etildi. Tanlovdan o`ta olmagan abiturientlar undan foydalanishi mumkin.
Qabul qilingan hujjatda oliy ta`lim muassasalari va talabalar o`rtasidagi o`zaro moliyaviy munosabatlar tafsilotlari tartibga solingan.
Birinchidan, o`qish uchun oshirilgan kontrakt stavkasi o`quv yili davomida o`zgarishi mumkin emasligi belgilandi. Qiyoslash uchun: o`quv yili davomida ish haqi va stipendiyalar oshirilsa, energiya resurslari, kommunal va ekspluatasiya xizmatlarining narxlari va tariflari oshsa, oddiy kontrakt miqdori oshishi mumkin. Bu holda o`quv yilining qolgan davri uchun qayta hisob-kitob amalga oshiriladi, farq esa 1 oy muddatda qo`shimcha ravishda to`lanadi.
Ikkinchidan, oshirilgan kontrakt stavkalari bo`yicha qo`shimcha qabul natijasida o`qishga kirgan talabalarga stipendiya darslarga qatnashishlariga ruxsat berilgan oyning birinchi sanasidan boshlab to`lanishi belgilandi. Ilgari oshirilgan kontrakt summasi bunday buyruq qabul qilingan sanadan qat`i nazar, to`liq to`lanishi belgilangan edi.
Uchinchidan, oshirilgan kontrakt summasi 1-kurs uchun to`liq to`lanishini (2-kursdan semestrlar bo`yicha oddiy kontrakt to`lanadi) hisobga olgan holda quyidagicha aniqlik kiritildi: «oshirilgan to`lov-kontrakt» to`lovchi o`quv intizomini va ichki tartib-qoidalarni buzganligi, darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi, akademik qarzdor bo`lganligi sababli 1-kursning birinchi semestri davomida talabalar safidan chetlashtirilganda, oshirilgan to`lovi summasining 50%i qaytarib berilmaydi.
Biroq talaba o`z xohishiga binoan, o`qishning boshqa ta`lim muassasasiga ko`chirilishi munosabati bilan, salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma`lumotnomasi asosida), sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan yoxud vafot etganligi sababli talabalar safidan chetlashtirilganda to`lovning bir qismi qaytarib beriladi. Qaytariladigan to`lov miqdori o`quv yilining oxiriga qadar qolgan oylar sonini oshirilgan kontrakt stavkasining 1/12 qismiga ko`paytirish orqali aniqlanadi.
To`rtinchidan, oshirilgan kontrakt stavkalari bo`yicha to`lovdan tushgan mablag`lardan oddiy to`lov-kontrakt mablag`lari singari maqsadlarda foydalanilishi mumkinligi haqida aniqlik kiritildi.
Bundan tashqari, endi o`quv yili davomida o`qishga qabul qilingan yoxud tiklangan talabalarga stipendiya faqat o`quv yilining oxiriga qadar qolgan davr uchun tayinlanadi.
Hujjat 28.03.2018 yildan kuchga kirdi.






