AsosiyJamiyat

Senatda oilaviy marosimlar bilan bog`liq qaror qabul qilindimi?

'Senatda oilaviy marosimlar bilan bog`liq qaror qabul qilindimi?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “To`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish to`g`risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Senatning o`n to`rttinchi yalpi majlisida ushbu qaror loyihasiga oid masala ko`rib chiqildi.

Mazkur loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgach, aholi tomonidan ko`plab fikr va mulohazalar bildirildi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda 1,6 million foydalanuvchi tomonidan o`qilgan. Ko`plab fikr-mulohazalar bayon etilgan.

Oilaviy marosimlarni ixchamlashlashtirish, ma`no va mazmunini qadriyatlarimizga moslashtirishga oid g`oyani ko`pchilik qo`llab-quvvatlayotgan bo`lsa-da, bu borada turli bahs-munozalar hamon davom etmoqda.

Shu bois ushbu masala yuzasidan ma`ruza qilgan Senatning Fan, ta`lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisining o`rinbosari Gavhar Alimova Senat qarorini yanada takomillashtirish, bu borada Respublika komissiyasini tuzishga oid qo`mita taklifini bildirdi.

Senator o`z chiqishida Toshkent shahrida yiliga 18-19 ming nikoh qayd etilishi, lekin ularning 20-25 foizi to`ylardagi ortiqcha dabdabalar oqibatida ajrimlar bilan tugayotgani achinarli hol ekani, bu ushbu tizimda tub islohotlarga ehtiyoj tug`ilayotganini aytib o`tdi.

Oilaviy marosimlar bilan bog`liq ishlab chiqilgan Senat qarori loyihasini takomillashtirishda tegishli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari faol ishtirok etishi, har bir yurtdoshimizning ushbu masala yuzasidan fikrlarini eshitish zarur. Mayda-chuyda, bachkana odatlarni tag-tomiri bilan yo`qotishda barcha ishtirok etishi, bu borada xalqimizning o`zi tashabbuskor bo`lishi kerak.

    Boshqa yangiliklar