AsosiyJamiyat

Qalampir: "Qirq yillik qarzing bo`lsa, bir yilda uzaman"

'Qalampir: "Qirq yillik qarzing bo`lsa, bir yilda uzaman"'ning rasmi

18 ming gektardan ortiq er maydoniga qalampirning cayenne va marg`ilon 33 navi ekildi. Bu haqida O`zAga yurtimizda yangi tashkil etilgan Shiliuz mas`uliyati cheklangan jamiyati direktori Furqat Bahromov quyidagilarni so`zlab berdi:

- Yurtimizda dunyo bozorida xaridorgir qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish ommalashmoqda. Xususan, qalampir... Jahon bozorida bu mahsulotga bo`lgan talab juda yuqori.

Aytish kerakki, Indoneziya, Xitoy, Hindiston va Meksika hamda janubiy Amerika davlatlarida etishtirilayotgan bu mahsulot endi mamlakatimizda ham keng maydonlarda ekiladi.

Achchiq qalampir etishtirish serdaromad soha bo`lib, bir gektarda qalampir etishtirish uchun 25 million sarflansa, hosildorlik 15—20 tonnagacha etadi. Uning quritilganiga talab ko`pligini hisobga olsak, bir gektar maydondagi hosildan 3—4 tonna quritilgan achchiq qalampir olinadi. Bu bir necha barobar daromad demakdir.

Kompaniyamiz mamlakatimizda xorij tajribasi asosida achchiq qalampir etishtirish, qayta ishlash va uni chet elga eksport qilish bilan shug`ullanadi. Ayni vaqtda Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda hududiy filiallari o`z faoliyatini boshladi. 18 mingta fermer xo`jaligi erlarida uni etishtirish va eksport qilish borasida shartnoma tuzildi. Ularga Hindistondan keltirilgan cayenne va mahalliy marg`ilon 33 navi etkazib berildi.

"Marg`ilon 330" achchiq qalampir navi O`zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan bo`lib, o`rtapishar nav hisoblanadi. Mevasi dona-dona, texnik etilganda yashil, biologik etilganda qizil bo`ladi. Hindistondan olib kelingan cayenne navining achchiqlik darajasi esa 7,8 ballni tashkil qiladi, ya`ni dunyo standartlariga to`liq javob beradi va eksportbop.

Ayni kunlarda ushbu hosilni tabiiy holda quritilgani va maydalanib kukun holda keltirilganiga katta miqdorda buyurtmalar shakllantirilyapti. Rossiyaning deyarli barcha hududlari, Janubiy Koreya, Hindiston, Polsha, Gruziya, Moldova singari o`nlab mamlakatlar bilan kelishuvlarga erishildi.

Eksport talabiga ko`ra keyingi ekish mavsumida qalampirni aholi tomorqasida ham etishtirish rejalashtirilmoqda. Boisi, 60-80 kunda tayyor bo`ladigan achchiq qalampirni tomorqa xo`jaligida etishtirish orqali bir oila bir mavsumda o`rtacha 9-10 million so`m daromad olishi mumkin. Bejizga xalq orasida avvaldan qalampir ekkan odam qirq yillik qarzini, bir yilda uzadi degan naql yurmas ekan. Bugun bu so`zning ma`nosi hayotimizda o`z isbotini topmoqda. Chunki, jahon bozorida bu mahsulotga bo`lgan talab katta.

    Boshqa yangiliklar