AsosiyJamiyat

Buxoroda "Malibu"da qoramol o`g`riligini sodir etgan qaynota-kuyov qo`lga olindi (foto)

Buxoro viloyati Romitan tuman IIBga, O`ba MFY, Yoqubshayx qishlog`ida yashovchi Beshim Safarov ariza bilan murojaat qilib, noma`lum shaxs yashash uyi molxonasiga g`ayriqonuniy ravishda kirib, bahosi 5.000.000 so`mlik sigirini yashirin ravishda o`g`irlab ketganligini bildiradi.

Shu kuning o`zida Shofirkon tuman IIBga, Chitgaron MFY, Chitgaron qishlog`ida yashovchi Hakim Qazoqov ham molxonasidan bahosi 400.000 so`mlik qo`yini o`g`irlab ketilganligi to`g`risida ariza bilan murojaat qiladi.

Romitan tumani O`ba mahalla fuqarolar yig`ini, Yoqubshayx qishlog`ida tungi vaqtda shubhali kezib yurgan “Malibu” avtomashinasi IIB xodimlarini e`tiborsiz qoldirmadi.

Ushbu avtomashinaning belgilarini ilg`agan xodimlar uning ortidan kuzatuv ishlari olib borishganda, avtomashina Vobkent tumani, Shakarkent MFY, Xalach qishlog`ida yashovchi, 1960 yilda tug`ilgan Aminov Shamsi Sharopovichga tegishli ekanligi aniqlandi.

Shamsi Aminov muqaddam sodir etgan turli jinoyatlari uchun 9 marotaba sudlanib, oxirgi marotaba giyohvandlik bilan bog`liq bo`lgan jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jazo muddatini o`tab chiqqan bo`lsada, bundan o`ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, uni yana tekin boylik orttirishning xumori tutadi.

Bu gal u o`zining qing`ir “faoliyati”ni amalga oshirishda o`zining kuyovi, Vobkent tumani, Shakarkent MFY, Xalach qishlog`ida yashovchi, muqaddam O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksiningg 266-moddasi bilan sudlangan, 1988 yilda tug`ilgan Ergashov Mardon Majidovichni jinoiy sherik sifatida tanlab, qaynota-kuyov bir guruhga birlashadilar.

Puxta o`ylangan rejalariga asosan, ular Buxoro viloyatining turli hududlarida yashovchi fuqarolarning qoramol va qo`y-qo`zilarini yashirin ravishda o`g`irlashga kelishib oladilar.

Olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari davomida ushbu jinoyatlarni qaynota-kuyov birgalikda sodir qilganliklari aniqlanishiga erishilib, shu orqali viloyatning turli hududlarida sodir etilgan va ochilmasdan qolayotgan mol o`g`riliklari fosh etildi.

Qaynota-kuyov qing`ir harakatlaridan hech kim shubhalanmasligi uchun qo`lga kiritilgan qo`y-qo`zilar, hattoki, qoramollarni ham Shamsi Aminovga tegishli bo`lgan "Malibu" rusumli avtomashinada tashib kelganlar.

Aminov Shamsi Sharopovichning yashash xonadoni va yordamchi xo`jaliklari xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, dala hududida joylashgan molxonasida turli hududlardan o`g`irlab kelingan qo`y-qo`zilar va qoramollar, bundan tashqari, turli ehtiyot qismlar va yoqilg`i mahsulotlari borligi aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolar Mardon Ergashov va Shamsi Aminovlarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v, g” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar