Qo`shrabot tumanidagi «Agroservis MTP» mas`uliyati cheklangan jamiyatiga imtiyozli kredit asosida «Belarus-1523», New Holland, U-62, LNS-100 rusumidagi haydov hamda bog` oralariga ishlov beruvchi traktorlar va 6 dona tirkama berildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Shavkat Mirziyoev 17–18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog`ida videoselektor yig`ilishi o`tkazib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish yuzasidan tadbirkor va fermerlar, faollarning fikrlari, muammo va takliflarini eshitgan edi.
«O`sha yig`ilishda davlatimiz rahbariga tumanimizdagi fermer xo`jaliklarini rivojlantirish, aholi tomorqa erlarida sifatli qishloq xo`jalik mahsulotlari etishtirishda fermer va dehqon xo`jaliklarini imtiyozli shartlarda qishloq xo`jalik texnikalari bilan ta`minlash yuzasidan taklif bildirgan edim, — deydi Qo`shrabot tumanida qishloq xo`jalik sohasida faoliyat yuritgan mehnat faxriysi Baxtiyor Bo`taboev. — Prezidentimiz bu taklifimni qo`llab-quvvatlab, yordam berishlarini bildirgandilar. Mana oradan 11–12 kun o`tib, tumanimizga 14 ta zamonaviy texnika keltirildi. Bundan tumanimiz xalqi benihoya xursand. Ming rahmat Prezidentimizga».
Qo`shrabotlik fermerlar bu imkoniyatdan foydalanib, tumanda meva-sabzavot etishtirishni ko`paytirish, ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklarini kengaytirish bo`yicha fikrlashib oldi.






