2018 yil 30 mart soat 6:20 dan 31 mart soat 14:30 gacha 55 nafar, shu jumladan 6 nafar bolalar tana xaroratining ko`tarilishi, holsizlik, ko`ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, bo`g`imlarda og`riq kabi, shikoyatlar bilan shifoxonaga murojaat qilgan va ulardan 50 nafari Bekobod shahar tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limiga, 4 nafari tug`ruq bo`limiga va 1 nafar bemor Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti shifoxonasiga «o`tkir gastroenterit, ovqat toksikoinfeksiyasi» birlamchi tashxisi bilan yotqizilgan. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
O`tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshiruv natijasida quyidagilar aniqlandi:
Bekobod shahridagi «Baxt uyi» to`yxonasida 28 mart kuni fuqaro Yunusov Begali tomonidan o`tkazilgan nikoh to`yida 300 nafar, «Dildora» to`yxonasida fuqaro Gulmurodova Dilobar o`tkazgan qiz bazmida 280 nafar mehmonlar qatnashgan.
Ikkala to`yxonada ham Bekobod shahridagi «Nodirbek omad baraka» xususiy korxonasiga qarashli «Istiqlol» kafesi tomonidan tayyorlangan «Mujskoy kapriz», «Yaponcha», «Qirolicha», «Ot shefa», «Pikantny», «Olive», «Go`shtli bodring» salatlar, norin, chuchvara, lyula kabob, ugra, bifstrogan taomlar dasturxonga qo`yilgan.
Bemorlardan olingan biologik namunalar Toshkent viloyati sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining laboratoriyasiga yuborildi.
Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyida o`rganish, bemorlarni davolash, profilaktika va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni o`tkazishda mahalliy mutaxassislarga amaliy yordam ko`rsatish uchun Respublika Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti direktori, t.f.n. A.Abdushukurov, institut shifoxonasining bosh vrachi, t.f.n. J.To`ychiev, 3 nafar reanimatolog, Respublika sanitariya - epidemiologiya nazorat markazi bosh vrachi B.Almatov va bo`lim mudiri 2018 yil 30 mart kuni Bekobod shahriga yuborildi.
Shifoxonada bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko`rsatilmoqda, dori-darmon zahiralari etarli. Bemorlarning umumiy ahvoli o`rtacha og`irlikda. 2 nafar bemorga qoniqarli ahvolda uylariga javob berildi. Murojaat qilgan 7 nafar bemorlarga ambulatoriya sharoitida tibbiy yordam ko`rsatilib, ahvollari qoniqarli bo`lgani uchun uylariga ketishga ruxsat berildi.
To`y marosimida ishtirok etgan fuqarolarni ro`yhatini aniqlash, profilaktik va epidemiya qarshi tadbirlarni amalga oshirish uchun shahar tibbiyot birlashmasidan jalb etilgan 136 nafar patronaj xamshiralar va sanitariya-epidemiologiya xizmatidan 50 nafar mutaxassislar tomonidan xonadonma-xonadon yurib, surishtirish ishlari olib borilmoqda.
O`tkazilayotgan davolash, profilaktika va epidemiyaga qarshi tadbirlar, bemorlardan olingan biologik namunalarning laboratoriya tahlili natijalari, yakuniy tashxis to`g`risida qo`shimcha axborot taqdim etiladi.
Yuzaga kelgan epidemik vaziyat Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.






