Joriy yilning dastlabki ikki oyida Qashqadaryo viloyatida oilaviy ajrimlar soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan 9 taga ko`payib, 403 tani tashkil qildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Oilaviy ajrimlar sonidagi o`sish bo`yicha etakchilik Mirishkor tumanida. Shu davr mobaynida hududda 19 ta oila buzilgan, o`sish — 17 ta.
Chiroqchi tumanida yanvar-fevral oylarida 40 ta oilaviy ajrim qayd etilgan, o`sishdagi ko`rsatkich esa 11 tani tashkil etmoqda.
Shuningdek, Kitob tumanida 58 ta (o`sish 9 ta), Nishon tumanida 16 ta (o`sish 7 ta), G`uzor tumanida 16 ta (o`sish 7 ta) oilaviy ajrimlar hisobga olingan.
Olib borilgan o`rganishlar ajrimlarning 145 tasiga er-xotin, qaynona va kelin o`rtasidagi kelishmovchiliklar 89 ta holatda esa er boshqa ayolga uylangani yoki uzoq muddat xorijga chiqib ketgani sabab bo`lganini ko`rsatgan. Befarzandlik 76 holatda oilaviy munosabatlar nihoyalanishiga olib kelgan. 17 kishi esa ichkilikka ruju qo`ygani bois muqaddas oila qo`rg`onini saqlab qololmagan bo`lsa, qolgan ajrimlarga ham shu kabi maishiy muammolar sabab bo`lgan.






