Samarqand shahridagi tadbirkorlarga ko`maklashish markazida Samarqand viloyati hokimi T.Jo`raev ishtirokida matbuot anjumani o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Viloyat hokimi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlar ijrosini ta`minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida ma`lumot berdi.
– Davlatimiz rahbarining tashrifi davomida hamda viloyat faollari ishtirokida o`tkazilgan kengaytirilgan yig`ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta`minlash, aholining taklif va tashabbuslari asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimiz turmush darajasini oshirish maqsadida Samarqandga qo`shimcha 500 million dollar mablag` ajratildi, – dedi T.Jo`raev. – Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi tomonidan xalqaro moliya tashkilotlari kredit liniyalari hisobidan ajratiladigan 400 million dollar miqdoridagi mablag` chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikni rivojlantirish, ushbu yo`nalishlarda sanoat korxonalari tashkil qilish, meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish, intensiv bog`dorchilikni kengaytirish, gidroponik usuldagi zamonaviy issiqxonalar qurish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saralash va qadoqlash korxonalari, sovutgichli omborxonalar barpo etish, qishloq xo`jaligi uchun zamonaviy texnika va texnologiyalar sotib olishga yo`naltiriladi.
Hozirda ushbu mablag`ning 312 million dollariga talabgorlar bor. Yana 88 million dollarlik loyihalarni ishlab chiqish, uni amalga oshiradigan tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida Samarqand shahrida tadbirkorlarga ko`maklashish markazi faoliyatini yo`lga qo`ydik. Endilikda bu erda viloyatdagi 18 tijorat banki, tuman va shahar hokimliklari, shuningdek, loyihalarni tasdiqlash va amalga oshirishga daxldor bo`lgan boshqarma va idoralar mas`ul xodimlari faoliyat ko`rsatadi. Boshqacha aytganda, tadbirkor ushbu markazga o`z g`oyasi yoki loyihasi bilan kelib, uni mukammal, amalga oshadigan loyihaga aylantirib, kredit oladigan bo`lib chiqib ketadi. Bu boradagi faoliyat har haftada tahlil etilib, mazkur matbuot markazi orqali ommaviy axborot vositalariga etkaziladi.
Bundan tashqari, viloyat hokimi Prezidentimizning 2018 yil 16 martdagi qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasining imtiyozli kredit mablag`lari hisobidan Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg`armasiga 50 million dollar hamda viloyatda tashkil etiladigan 17 kichik sanoat zonasida amalga oshiriladigan investisiya loyihalarini moliyalashtirishga 50 million dollar mablag` ajratilishini ma`lum qildi.
T.Jo`raevning ma`lum qilishicha, Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg`armasiga beriladigan 50 million dollar viloyat tuman va shaharlaridagi kommunal xo`jaliklardagi muammolarni bartaraf etish, muhandislik-kommunikasiya tizimlarini yangilash, ko`p qavatli uylardagi sharoitlarni yaxshilash, yo`llarni ta`mirlash kabi maqsadlarga yo`naltiriladi. Ayni paytda barcha tuman va shaharlar hokimliklari, mutasaddi idoralar tomonidan bu borada amalga oshiriladigan ishlar loyihalari tayyorlanmoqda.
Viloyat hokimi Prezidentimiz tashrifi chog`ida Pastdarg`omda o`tkazilgan yig`ilish bayonida 146 band bo`yicha belgilangan 260 dan ortiq topshiriq ijrosi haqida ham ma`lumot berib, ushbu vazifalarning o`z vaqtida amalga oshirilishi viloyat iqtisodiyotini mustahkamlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, eng muhimi, viloyat aholisi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta`kidladi.
Matbuot anjumanida viloyat hokimi hamda mutasaddi idoralar rahbarlari jurnalistlar va tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
Ishtirokchilar tadbirkorlarga ko`maklashish markazida yaratilgan sharoit bilan tanishdi.
02.04.2018 16:34
Prezident tashrifidan so`ng Samarqandda qanday chora-tadbirlar belgilandi?






