O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda «Yoshlar» teleradiokanali hamkorlikda yosh matematiklar televizion olimpiadasini o`tkazishni rejalashtirgan.
Yurtimizda ilk bora tashkillashtiriladigan ushbu loyiha doirasida «Yoshlar» teleradiokanali tomonidan «Televizion matematika olimpiadasi» ko`rsatuvi ham suratga olinadi.
Ushbu televizion matematika fan olimpiadasi respublika miqyosida o`tkazilib, unda 14 yoshdan 17 yoshgacha bo`lgan o`smirlar ishtirok etadi. Loyihaning maqsadi yoshlarni matematika faniga qiziqtirish, yoshlarning matematik salohiyatini oshirish, mantiqiy fikrlashini tarbiyalash, qobiliyatli yoshlarni tanlab olish, fan olimpiadasi ishtirokchilari sonini ko`paytirish, O`zbekistonnig xalqaro matematika olimpiadasi sovrindorlari sonini oshirishdan iborat.
Ishtirokchilar hududlardagi umumta`lim maktab va lisey o`quvchilari orasidan, tanlab olinadi.
Har bir hududiy bosqich olimpiadasi hamda respublika bosqichida aniqlab olingan 4 ta jamoa o`rtasida kechgan musobaqa televidenie orqali yoritib boriladi.
Bundan tashqari, O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida olimlar bilan mahorat darslarini tashkillashtirish, Yosh olimlar nodavlat notijorat tashkiloti bilan yosh matematiklarning hamkorligini ta`minlash va g`oliblarni, halqaro miqyosdagi matematika fan olimpiadalaridagi ishtirokini tashkillashtirish ham maqsad qilingan.






