AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlanadi

'O`zbekistonda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlanadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to`g`risida»gi qarori imzolandi. Hujjat matni O`zAda keltirilgan.

Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg`iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o`zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O`zbekistonning ulkan do`sti edi.

Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o`rtasida do`stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo`lida fidokorona faoliyat olib bordi.

O`tgan asrning 80-yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan «o`zbek ishi», «paxta ishi» kabi nohaq siyosiy kampaniyalar chog`ida Chingiz Aytmatovning adolat va haqiqat kuychisi sifatida xalqimizning sha`ni va obro`-e`tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini el-yurtimiz hamisha minnatdorlik bilan eslaydi. Betakror ijodkorning davlatimiz tomonidan «Do`stlik» va «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangani ham shundan dalolat beradi.

Atoqli adib o`zbek adabiyoti va san`atining yirik namoyandalari bilan yaqin do`st va ijodiy hamkor bo`lgani yosh adiblarimiz uchun yuksak ibrat namunasidir.

O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning o`lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning gumanizm va ezgulik g`oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o`rtasida o`zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari mamlakatimizda millionlab nusxalarda nashr etilmoqda. O`zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan «Chingiz Aytmatov va O`zbekiston» doimiy ekspozisiyasi faoliyat ko`rsatmoqda.

O`zining noyob iste`dodi va jo`shqin ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz o`rtasida do`stlik va hamkorlikni, adabiy-madaniy aloqalarimizni rivojlantirish ishiga qo`shgan ulkan hissasini inobatga olib hamda tavalludining 90 yilligini munosib nishonlash maqsadida:

1. O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi va jamoatchilik vakillarining buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash to`g`risidagi takliflari ma`qullansin.

2. Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash bo`yicha tashkiliy qo`mita (keyingi o`rinlarda Tashkiliy qo`mita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qo`mita bir oy muddatda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo`yicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.

Ushbu chora-tadbirlar rejasida:

«Chingiz Aytmatov va O`zbekiston» nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;

Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;

yozuvchi asarlari asosida yangi spektakl sahnalashtirish va badiiy film suratga olish;

Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko`chalaridan biriga adib nomini berish;

Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-maktabda adib byustini o`rnatish;

O`zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi bilan hamkorlikda «Chingiz Aytmatov va o`zbek adabiyoti» mavzusida ilmiy konferensiya o`tkazish;

mamlakatimizdagi oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o`rta ta`lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish;

2018 yil dekabr oyining ikkinchi o`n kunligida O`zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli adib xotirasiga bag`ishlangan ijodiy kecha o`tkazish tadbirlari ko`zda tutilsin.

4. O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, «Jahon» axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash bilan bog`liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.



O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev

Toshkent shahri, 2018 yil 2 aprel

    Boshqa yangiliklar