Samarqandda O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari agentligining tuman va shahar davlat xizmatlari ko`rsatish markazlariga viloyat hokimligi tomonidan “Damas” avtomashinalari topshirildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletov, Samarqand viloyati hokimi T.Jo`raev Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi farmoniga asosan tashkil etilgan Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy markazlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar, vakolat va majburiyatlari haqida so`z yuritdi. “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi”, degan tamoyil bo`yicha faoliyat olib borayotgan agentlik ishi tahlil etilib, vazifalar belgilandi.

– Yangi markazlar aholiga keng turdagi xizmatlar ko`rsatishi bilan qisqa muddatda ularning ishonchini qozondi, – deydi Urgut tumani davlat xizmatlari markazi rahbari U.Salomov. – Jumladan, shu paytgacha tadbirkorlik sub`ektlariga 37 xil davlat xizmati ko`rsatilgan bo`lsa, 1 apreldan boshlab jismoniy shaxslar uchun 13 xil xizmatlar yo`lga qo`yildi. Xizmat avtomashinalarining berilishi, ayniqsa, olis qishloqlardagi aholining davlat xizmatlariga bo`lgan ehtiyojini qondirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.






