Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyati sudi Suriyadagi terrorchilik tashkilotlari safida jangovar harakatlarda qatnashgan 8 nafar shaxsga nisbatan yakuniy hukmni o`qib eshittirdi.
“Namangan viloyati To`raqo`rg`on tumanining 8 nafar fuqarosi Suriyadagi terrorchilik tashkilotlari tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etgani uchun 6 yildan 14 yilga qadar ozodlikdan mahrum etildi”, — deyiladi "Xalq so`zi" nashri xabarida.
Ma`lumotga ko`ra, sudlangan 2 nafar fuqaro — Muhammad Abdurasulov va Muhammadali Shokirov 2010 yilda O`zbekistondan Turkiyaga chiqib ketib, u erda “Tablig`i jamoat” xalqaro terrorchilik tashkiloti a`zolarining ta`siri ostiga tushgan. Oradan 2 yil o`tgach, ular Suriyadagi lagerga borib, IShIDga aloqador jangovar harakatlarda qatnashgan.
“2016 yilda Abdurasulov va Shokirov O`zbekistonga qaytgan va 6 nafar fuqaroni Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etishga jo`natgan”, — deydi sud vakili.
Uning so`zlariga ko`ra, ushbu guruhga nisbatan o`tkazilgan tezkor tergov harakatlari davomida yana 30 nafar O`zbekiston fuqarosining Suriyaga chiqib ketishining oldi olingan.
Eslatib o`tamiz, shu yil fevral oyida Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tuman sudi IShID terrorchilik tashkilotiga a`zo fuqaro Ahror Qosimovni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.






