AsosiyJamiyat

Toshkentda o`quvchi maktab direktorini urgani haqidagi xabarga vazirlik oydinlik kiritdi

'Toshkentda o`quvchi maktab direktorini urgani haqidagi xabarga vazirlik oydinlik kiritdi'ning rasmi

2018 yil 31 mart kuni Feysbuk ijtimoiy tarmog`idagi "Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom" guruhida Toshkent shahridagi 315-sonli maktab direktorini 9-sinf o`quvchisi kaltaklagani haqida foydalanuvchilardan biri qoldirgan xabar isbotini topmadi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, mazkur holat mas`ul mutaxassislar tomonidan o`rganib chiqildi. Unda keltirilgan vajlar o`z isbotini topmadi. Maktab rahbari va o`quvchi o`rtasida hech qanday kelishmovchilik sodir bo`lmagan.

"Shuningdek, maktab direktori tomonidan tikuv mashinalarining talon-taroj qilingani hamda o`qituvchilarga beriladigan mukofot pullari o`zlashtirilgani to`g`risidagi vajlar mas`ul idora vakillaridan iborat maxsus guruh tomonidan o`rganilganda tasdig`ini topmadi", — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Xabar qilinishicha, muallif tomonidan qoldirilgan postda maktab rahbarini obro`sizlantirish va unga nisbatan tuhmat qilish alomatlari borligi sabab hozirda ushbu ish bo`yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan.

Mazkur holat yuzasidan tekshiruvlar yakunida qo`shimcha ma`lumot beriladi.

Xalq ta`limi vazirligi sohada olib borilayotgan islohotlar samaradorligini ta`minlashda jamoatchilik bilan hamkorlik qilishga doim tayyorligini bildirgan.

    Boshqa yangiliklar