Har yili 30 mart kuni butun dunyoda Er muhofazasi kuni xalqaro bayrami nishonlanadi. Bu bayram atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida butun sayyoramizdagi insonlarni birlashtirishga yo`naltirilgan. Shu kuni suvga doir ma`lumotlardan xabardorlikka yo`naltirilgan UzWaterAware loyihasi doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning O`zbekistondagi filiali Evropa Ittifoqining moliyaviy qo`llab-quvvatlashi ostida bolalar o`rtasida "Er va suv", "Mening O`zbekistonim va suv resurslari" mavzuidagi rasmlar va insholar tanloviga start beradi.
2018 yilning 30 martidan 1 iyuliga qadar bo`lib o`tadigan tanlovda O`zbekistonda yashovchi 6 yoshdan 16 yoshgacha bo`lgan bolalar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilarning ishlari yoshga doir uch toifaga ajratilgan:
1 toifa – 1-4 sinflar o`quvchilari;
2 toifa – 5-7 sinflar o`quvchilari;
3 toifa – 8-9 sinflar o`quvchilari.
Tanlovning asosiy maqsadi – butun O`zbekiston bo`ylab maktab o`quvchilari va ota-onalarning e`tiborini suv resurslari va umuman atrof-muhit muhofazasiga qaratish.
Yuqoridagi mavzudagi rasmlar yoki ijodiy insholar, shuningdek ishtirokchilar haqidagi qisqa ma`lumot (ota-onalar bilan bog`lanish raqamlari bilan birga) uzbekistan@carececo.orghavolasi bo`yicha qabul qilinadi. Xatning mavzu satriga "UzWaterAware loyihasining bolalar tanlovi" deb yozilsin.
Tanlov yakunlariga ko`ra eng yaxshi ishlar (har bir toifada bittadan) e`lon qilinadi va ularning mualliflari qimmatbaho sovg`alar bilan mukofotlanadi. G`oliblardan tashqari o`ziga xos ishlari bilan ko`zga tashlangan ishtirokchilarga turli nominasiyalarda rag`batlantiruvchi sovg`alar taqdim etiladi.
UzWaterAware loyihasi menejeri, O`zbekistondagi MOMEM filialining suv loyihalari bo`yicha mutaxassisi Jusipbek Kazbekov bu borada shunday deydi:
— Loyihamiz doirasida biz butun O`zbekiston aholisi e`tiborini suv va kelajak avlod uchun undan oqilona foydalanish mavzusiga qaratmoqchimiz. Bu yo`nalishda bolalar bilan ishlash alohida ahamiyatga ega. Bolalikdan suvga, tabiatga va umuman, atrof-muhitga hurmat bilan munosabatda bo`lishni o`rgatish muhimdir. Umid qilamizki, mazkur tanlov bunda bizga yordam beradi.
UzWaterAware – to`liq nomi "O`zbekistonda suv va ekologiya baqaror rivoji uchun xabardorlikni oshirish va hamkorlikni rivojlantirish. Komponent 3" loyihasi – Evropa Ittifoqining moliyaviy qo`llab-quvvatlashi ostida hamda «Suvchi»NNT ishtirokida O`zbekistondagi MOMEM filiali tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha iqlim o`zgarishi sharoitlarida aholining keng qatlamini suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish hamda atrof-muhit muhofazasi muhimligiga e`tibor qaratish va xabardorlik darajasini oshirishga yo`naltirilgan. Loyihaning milliy hamkori - O`zbekiston Respublikasi Suv xo`jaligi vazirligi.
Ma`lumot uchun: Er muhofazasi kuni nima qilish kerak?
Ko`chalar va suv resurslari mavjud joylar (ariqlar, suv havzalari)dagi chiqindilarni yig`ishtirish; daraxt va boshqa o`simliklarni ekish; mashina yoki transportda harakatlanish o`rniga piyoda yoki velosipedda sayr qilish.