AsosiyDunyo

AQSh va Xitoy o`rtasida savdo urushi davom etmoqda

'AQSh va Xitoy o`rtasida savdo urushi davom etmoqda'ning rasmi

Bugun Xitoy Davlat kengashi AQShning 106 turdagi mahsulotiga 25 foizlik boj qo`yish haqidagi qarorni qabul qildi.

Xitoy Markaziy televideniesi tarqatgan xabarga asoslanib, bu haqida RIA Novosti yozadi.

Ta`kidlanishicha, mazkur qaror Vashingtonning Xitoyga tegishli keng turdagi mahsulotlarga yangi bojlar qo`yish borasida bergan taklifiga javob chorasidir. Hujjat AQSh tomonidan yangi bojlar e`lon qilinishi zahoti kuchga kiradi.

25 foizlik boj qo`yilayotgan 106 turdagi AQSh tovarlari ichida avtomobillar, kimyo sanoati mahsulotlari, soya ham bor.

Sal oldinroq AQSh, o`z mahsulotlariga tegishli intelektual huquqlar buzilayotganini ro`kach qilib, Xitoyning 1,3 ming turdagi mahsulotiga import boji qo`yilishini ma`lum qilgan edi. Qo`shma Shtatlar ma`muriyati hisob-kitobiga ko`ra shu asnoda Xitoy import bojlari uchun yiliga 50 milliard dollardan to`lashga majbur bo`ladi.

Eslatib o`tamiz, AQSh Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 23 martida “Xitoy savdo tahdidlariga qarshi kurashish to`g`risida”gi memorandumni imzolagan edi. Mazkur hujjat Xitoy mahsulotlariga cheklovlarni joriy etishga ruxsat beradi.

    Boshqa yangiliklar