Toshkent shahar hokimligi o`qituvchilarga eskirgan piyoz majburiy sotilgani haqida tarqatilgan xabarlarni rad etdi.
Biroz oldin ayrim xorijiy nashrlarda xokimlik zahiralarida saqlangan va ko`kara boshlagan piyoz 2018 yil 30 martdan boshlab maktab o`qituvchilariga majburan sotilayotgani haqida xabarlar paydo bo`lgan edi. Hokimiyat yuqoridagi xabarlarni to`liq rad etib, piyoz iste`molga yaroqli bo`lganini ta`kidlamoqda.
Zahirada saqlanayotgan piyoz sotuvga chiqarilishi haqida hokimlik saytida, quyidagi ma`lumotlar keltirilgan:
“Havo xarorati keskin isib ketishi oqibatida tegishli mutasaddi idoralarning zahiraga g`amlangan piyozning sifati o`zgarishi mumkinligi haqidagi xulosalarini inobatga olib, shuningdek ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish maqsadida, Toshkent shahri aholisini va ijtimoiy soha, kommunal va xizmat ko`rsatuvchi, harbiy muassasalar va ularning xodimlarini bepul piyoz bilan ta`minlashning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi Toshkent shahar hokimi, Toshkent shahar prokurori, Ichki ishlar vaziri o`rinbosari – Toshkent shahar IIBB boshlig`i, Toshkent shahar DSB boshlig`i hamda Toshkent shahar Adliya boshqarmasi 2018 yil 4 aprel kuni qo`shma Qarorni imzoladi.
Qo`shma qarorga binoan Toshkent shahri aholisini va ijtimoiy soha, kommunal va xizmat ko`rsatuvchi, harbiy muassasalarga zahira saqlovida mavjud bo`lgan piyoz mahsulotining bepul etkazib berilishini tashkil etish bo`yicha ishchi guruh tashkil etildi.
Xususan, bepul piyozning o`z vaqtida, to`liq va manzilli etkazib berilishida muassasa va mahallalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi belgilandi. Davlat sanitariya-epidemologiya nazorati markazi, Toshkent shahar veterinariya boshqarmasi, Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan bepul tarqatilayotgan piyoz mahsulotining sifati buzilmagan holda etkazilishi nazoratga olingan.
Joriy yilning 4 apreliga qadar tuman xalq ta`limi boshqarmalarida ixtiyoriy savdo yarmarkalari tashkil qilinib, piyozning narxi 800 so`mdan sotilgan.”






