Qirg`iziston chegarachilari O`zbekiston fuqarosiga uyida ro`y bergan yong`inni o`chirishda ko`mak berishdi, deb xabar qiladi "Xalq so`zi".
Ikki davlat chegara chizig`iga yaqin joyda, O`zbekiston hududidagi qishloqda xonadonlardan birida gaz balloni portlashi oqibatida yong`in kelib chiqqan va u ko`z ochib-yumguncha butun uyni qamrab olgan. Bu joy Qirg`izistonning Jalolobod viloyati Olabuqa tumani Tengi qishlog`iga qo`shni hudud bo`lgan. Yong`inni Olabuqa chegara otryadiga tegishli “Ko`kserek” chegara zastavasi xizmatchilari ko`rib qolishgan. Tezda yaqin oradagi Qirg`iziston hududidan oqib o`tuvchi anhordan chegaragacha suv tashib berishni tashkillashtirishgan va yong`inni bartaraf qilishga erishilgan.
“O`zbekiston hududida uy yonayotganini payqab qoldik, — deydi mazkur zastava boshlig`i Adilet Israil o`g`li. — Lekin bu hududdan chegara chizig`i o`tgani uchun anhordan chegaragacha suv olib kelishni tashkil etdik”.
Uning so`zlariga ko`ra, ikki mamlakatni ajratib turuvchi chegara chizig`i qo`shni davlat fuqarolarining bir-biriga yordam berishiga to`sqinlik qilolmaydi.






