Navoiy shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Eng namunali kitob do`koni” tanlovi o`tkazildi, deya xabar bermoqda O`zA.
O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Ma`naviyat va ma`rifat markazi viloyat bo`limlari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda ma`rifat maskanlarining zamonaviy dizayni, kitob fondi va adabiyotlar turi, doimiy xaridorlar uchun imtiyozlar, ko`chma kitob savdolarini tashkil etish, ko`rishda nuqsoni bor kitobxonlar uchun audiokitoblar mavjudligi kabi ko`plab jihatlarga e`tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida”gi qarori aholi, ayniqsa, yoshlar o`rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda viloyatda 20 dan ortiq kitob savdosiga ixtisoslashgan do`konlar mavjud. Ularda o`quvchi didi va talabi puxta o`rganilib, keng turdagi adabiyotlar fondi shakllantirilmoqda. Alohida mutolaa xonalari tashkil etishga e`tibor qaratilayotir.
Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi viloyat bo`limiga qarashli Alisher Navoiy nomidagi “Kitob olami” ma`rifiy majmuasi tanlov g`olibi, deb topildi. “Do`stlik bayrog`i” va “Znamya drujb” gazetalari tahririyati davlat korxonasi tasarrufidagi “Kitob olami” ma`rifat maskani ikkinchi, “Toshkent yoshlar matbuoti” mas`uliyati cheklangan jamiyatining Navoiy filiali “Kitob dunyosi” do`koni uchinchi o`ringa sazovor bo`ldi.
Tanlovda “Eng ommabop kitob do`koni”, “Yoshlarga ixtisoslashgan kitob do`koni” nominasiyalari bo`yicha ham g`oliblar rag`batlantirildi.
05.04.2018 11:04
Navoiyda "Eng namunali kitob do`koni” tanlovi o`tkazildi






