Sudlar tom ma`noda inson huquqini himoya qilishga intilayotgani sabab oqlov hukmlari ham ko`paymoqda.
Toshkentlik tadbirkor Sunnatillo Ortiqovga ham mana shunday ro`shnolik kulib boqdi.
«Sunnat Ziyo» mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari bo`lib faoliyat yuritgan S.Ortiqov abiturientlarni oliy o`quv yurtlariga o`qishga kirishga tayyorlash bilan shug`ullangan. Uning faoliyatiga oid tekshiruv yakuni bo`yicha tergov organi tadbirkorni 2014-2015 yilllarda maxsus lisenziya olmasdan chet tillari bo`yicha o`qitish hamda hamshiralik kurslari faoliyatini lisenziyasiz amalga oshirishda ayblagan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tumani sudi esa tadbirkorni Jinoyat kodeksining 190-moddasi (faoliyat bilan lisenziyasiz shug`ullanish) 2-qismi “b” bandi bilan aybdor, deb topgan. Unga ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga undirgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari va 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
Oliy sud matbuot xizmatidan ma`lum qilishlaricha, mazkur ish S.Ortiqovning murojaati asosida Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi kassasiya instansiyasi sudlov hay`ati ochiq sud majlisida ko`rib chiqildi.
O`zbekiston Respublikasining 2016 yil 29 dekabrdagi qonuni bilan Jinoyat kodeksining 190-moddasi 1-qismining dispozisiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilgan. Shunga ko`ra, “Lisenziya olinishi shart bo`lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug`ullanish ko`p miqdorda daromad olish bilan bog`liq bo`lsa” jazo tayinlanishi belgilangan.
Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasining «Sunnat Ziyo»da o`tkazgan rejadan tashqari tekshiruv dalolatnomasida lisenziya olingunga qadar o`qitish hamda hamshiralik kurslari faoliyati natijasida tadbirkor 230 ming so`m daromad topgan.
O`zA xabariga ko`ra, S.Ortiqovga nisbatan tergov ayblovi va sudning hukmida sudlanuvchining lisenziyasiz faoliyati natijasida boshqa biron bir daromad olganligi ko`rsatilmagan.
Shu bois, Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi ajrimi bilan S. Ortiqovga nisbatan ayblov hukmi bekor qilindi. Tadbirkor O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasi (reabilitasiya uchun asoslar) 1-qismiga asosan aybsiz deb topilib, reabilitasiya qilindi.






