Toshkent viloyatidagi Qibray tumanining Do`rmon posyolkasi bog` hududi negizida 32,4 gektar maydonga ega bo`lgan «Do`rmon» milliy bog`i tashkil etiladi. Bu haqda www.norma.uz sayti xabar beradi.
Vazirlar mahkamasining 2014 yil 5 iyundagi 144-sonli qarori Islom Karimov tomonidan imzolandi. Xujjatlarga ko`ra «Do`rmon» milliy bog`i qo`riqlanadigan tabiiy hudud toifasiga kiradi, alohida ilmiy, ekologik, madaniy va estetik qimmatga ega bo`lgan davlat mulki hisoblanadi va davlat tomonidan qo`riqlanadi.
Ushbu milliy bog` noyob, qimmatli o`simlik navlarini saqlash, ko`paytirish hamda ulardan oqilona foydalanish maqsadida tashkil qilinadi.
Bog` hududida undan foydalanish maqsadiga zid bo`lgan hamda uning o`simlik ob`ektlarini saqlashga, ko`paytirishga va tiklashga xavf soladigan har qanday faoliyatni amalga oshirish ta`qiqlanadi.
«Do`rmon» milliy bog`i er uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yishga, shuningdek u erda sanoat, xo`jalik ob`ektlari, uy-joylar va boshqa ob`ektlar qurilishini amalga oshirishga yo`l qo`yilmaydi.
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining Hukumat ob`ektlariga xizmat ko`rsatish bo`yicha Ixtisoslashtirilgan boshqarmasi tarkibida, yuridik shaxs tashkil etmasdan, «Do`rmon» milliy bog`i direksiyasi tashkil etiladi.





