AsosiyJamiyat

Korporativ plastik bo`yicha cheklovlar bekor qilindi

'Korporativ plastik bo`yicha cheklovlar bekor qilindi'ning rasmi

Yuridik shaxslar tomonidan milliy valyutadagi korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi to`g`risida nizomga o`zgartirishlar (3.04.2018 yilda 1470-2-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan) kiritildi, deb yozadi Norma

Ilgari amal qilgan qoidalarga binoan korporativ bank kartalarining saqlovchilari ulardan faqat Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to`g`risida nizomda (bundan keyin – Nizom) nazarda tutilgan xarajatlarni to`lash uchun savdo va xizmat ko`rsatish korxonalarida foydalanishlari mumkin edi. Amaliyotda shu munosabat bilan qiyinchiliklar yuzaga kelar edi.

Birinchidan, sudlar va boshqa davlat organlarida davlat bojlari va boshqa yig`imlarni korporativ plastikdan to`lashga ijozat berilmas edi, sababi ular savdo va xizmat ko`rsatish korxonalari hisoblanmaydi.

Ikkinchidan, xarajatlarning batafsil ro`yxati mavjud emasligi va Nizomga havola qilish u yoki bu tovarlarni (ishlar va xizmatlarni) korporativ kartadan foydalangan holda xarid qilish imkoniyati xususida bahs-munozaralar yuzaga kelishiga sababchi bo`lar edi.

Kiritilgan tuzatishlar bilan ushbu muammolar bartaraf etildi. Davlat bojlari va yig`imlarni korporativ kartadan to`lash imkoniyati to`g`ridan-to`g`ri qayd etildi. Nizomga havola bekor qilindi. Uning o`rniga yuridik shaxslar o`z faoliyatlari bilan bog`liq xarajatlarni korporativ plastik yordamida to`lashlari mumkinligi ta`kidlab o`tildi.

Bu – muhim! Ushbu to`lov dastagidan foydalanishga doir boshqa qoidalar o`zgartirishsiz qoldirildi. Xususan, korporativ bank kartasiga uning saqlovchiga to`lanadigan ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar va dividendlarni o`tkazishga ilgarigidek yo`l qo`yilmaydi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 4.04.2018 yildan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar