AsosiyJamiyat

Sarmishsoy sayyohlarni qanday jihatlari bilan chorlayapti?

'Sarmishsoy sayyohlarni qanday jihatlari bilan chorlayapti?'ning rasmi

Navoiy viloyatida turizmni rivojlantirish, xizmat turlarini yanada kengaytirish va takomillashtirish bo`yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, deb yozadi O`zA.

Nurota tumani ulkan turistik salohiyatga ega. Jumladan, tumanning Sentob qishlog`idagi qoya toshlarga ishlangan V-VI asrlarga oid petrogliflar, baland tog`dagi ko`hna qo`rg`on qoldiqlari, XI-XVIII asrlarga oid toshga o`yilgan yozuvlar hamda qishloqning eng yuqori nuqtasidagi Fozilmon ko`li manzaralari, Akko bulog`ining shifobaxsh suvi sayyohlarda katta qiziqish uyg`otmoqda.

5.JPG

Sarmishsoy va Aydarko`l atrofida yangi turistik infratuzilmani rivojlantirish maqsadida yangi yo`nalishlar yo`lga qo`yildi. Tadbirkor Farhod Sirojov tashabbusi bilan Sarmishsoy kengliklarida oilaviy dam olish markazi qurildi. Qisqa muddatda qad rostlagan maskanda 10 dan ziyod o`tov, kottej, restoran va cho`milish havzalari barpo etilgan.

1.JPG

Turistik maskanning mavsumiy ochilish marosimida Fransiya va Indoneziyadan kelgan jurnalistlar hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda milliy taom – sumalak pishirildi.

Dara bo`ylab ot va tuyada sayr, mahorat darslari asosida milliy taomlar tayyorlashning yo`lga qo`yilishi sayyohlarga o`zgacha zavq ulashayotir. Buni o`tgan yili bu erga 200 ga yaqin xorijlik sayyoh va 500 dan ziyod mahalliy aholi kelganidan ham bilish mumkin. Dam olish maskaniga turistlar asosan, Sarmishsoy muzey-qo`riqxonasini ko`rish uchun tashrif buyuradi.

– O`zbekistonga birinchi marta kelishim. Qizimni ham olib kelganman, – deydi ispaniyalik sayyoh Marisa Arguliss. – O`qituvchi bo`lganim bois tarixiy qo`lyozmalarga qiziqishim katta. Qoyatoshdagi tasvirlarni ko`rib, juda hayratlandim. Qadimda bu daraning odamlar bilan gavjum, hayot qizg`in maskan bo`lganiga qoyatoshlarga muhrlangan minglab rasmlar guvohlik beradi. Hayvonlar, kamonli ovchilar va ov jarayonlari suratini tomosha qilib, necha ming yil avvalgi moziy ko`z oldingizda gavdalanadi. Bu ajdodlaringiz o`sha zamonlardayoq nechog`li zukko va mohir hunarmand bo`lganidan dalolatdir.

Darhaqiqat, 7 ming yillik tarixni o`z bag`rida asrab kelayotgan Sarmishsoy taxminan 5 mingdan ziyod noyob qoyatosh bitiklarini bizning zamonamizgacha etkazib bergan qutlug` zamindir.

    Boshqa yangiliklar