AsosiyJamiyat

2017 yilda kommunal qarzdorlikni undirish bo`yicha 318 507 ta sud buyrug`i chiqarilgan

'2017 yilda kommunal qarzdorlikni undirish bo`yicha 318 507 ta sud buyrug`i chiqarilgan'ning rasmi

Fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan sud buyrug`i tartibida ko`rilayotgan ishlarning aksariyat qismini kommunal xizmatlar bo`yicha qarzlarni undirish haqidagi ishlar tashkil etadi, deb yozadi O`zA.

Jumladan, 2017 yilda fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar tomonidan kommunal tashkilotlarni iste`molchilarga nisbatan kommunal qarzlarni undirish bo`yicha jami 13467 ta da`vo arizasi ko`rib chiqilgan. Shundan 11335 tasi qanoatlantirilgan, 592 tasi rad etilgan, 1121 tasi ish yurituvidan tugatilgan, 419 tasi ko`rmasdan qoldirilgan. O`tgan yilda kommunal qarzdorlikni undirish bo`yicha jami 318507 ta sud buyrug`i chiqarilgan.

O`zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o`rganish tadqiqot markazi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy o`quv kurslari bilan hamkorlikda majburiy ijro byurosi va kommunal xizmat ko`rsatish tashkilotlar xodimlari ishtirokida va ularni ijrosi bilan bog`liq mavjud muammolar hamda ularning echimiga bag`ishlangan videokonfrensaloqa rejimida o`tgan uchrashuvda bu haqda so`z yuritildi.

Tadbirda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolik va iqtisodiy sudi sudyalari, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi va ularning hududiy boshqarmalari xodimlari, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy o`quv kurslari tinglovchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirning asosiy maqsadi, kommunal xizmatlar bo`yicha qarzlarni undirishga oid ishlarni sudlarda ko`rish va ularni ijrosi bilan bog`liq mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etish, ushbu sohada yagona sud amaliyotini shakllantirishga qaratildi.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o`rganish tadqiqot markazi tomonidan tizimli ravishda sud ish yurituvi sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish hamda huquqni qo`llash amaliyotidagi mavjud muammolar o`rganib kelinadi.

Uchrashuvda kommunal xizmatlar bo`yicha qarzlarni undirishga oid ishlarni ko`rish bo`yicha sud amaliyotidagi mavjud muammoli masalalar xususida fikr almashinib, ularni echimi yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Uchrashuv natijalariga ko`ra, ushbu sohadagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator tadbirlar ishlab chiqildi.

    Boshqa yangiliklar