AsosiyJamiyat

Yozuvchilar uyushmasi a`zolariga imtiyozli ipoteka beriladi

'Yozuvchilar uyushmasi a`zolariga imtiyozli ipoteka beriladi'ning rasmi

Prezidentning 5.04.2018 yildagi «O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori imzolandi. Hujjat O`zAda joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida 110 ta kvartirali uy-joy qurish ishlari boshlangan. Hududlarda yashab faol ijod qilayotgan, uy-joyga muhtoj Uyushma a`zolari uchun uy-joylar ajratiladi. Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi hamda viloyatlar hokimliklari 2018-2021 yillarda reja ishlab chiqadi va uning bajarilishini qat`iy nazoratga oluvchi Hukumatga taqdim etadi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda «Ijod» jamoat fondining hududiy bo`limlari tuziladi. Hududiy bo`limlar Vasiylik kengashlariga Jo`qorg`i Kenges raisi va viloyatlar hokimlari rais, hududiy universitet va institutlar rektorlari esa rais o`rinbosarlari sifatida biriktiriladi.

Bir qator bosma nashrlar (gazeta va jurnallar) tijorat tashkilotlari bilan birgalikda «Do`stlar klublari»ni tuzdilar, bu shartnoma asosida doimiy hamkorlik yo`lga qo`yilishini anglatadi. Kelgusida Yozuvchilar uyushmasining hududiy bo`limlarida ham shunga o`xshash tajriba qo`llaniladi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Oliy adabiyot kursi tashkil etiladi. Avgust oyiga qadar mutaxassisliklar bo`yicha tegishli malaka talablari, o`quv rejalari va dasturlari tasdiqlanadi. 2018/2019 o`quv yilidan boshlab unga bakalavr darajasiga ega bo`lgan va adabiyot sohasida o`z ijodiy qobiliyatini namoyon etgan ijodkorlar qabul qilinadi. Yillik qabul kvotalari: 40%i byudjet va 60%i to`lov-kontrakt asosidagi joylar nisbatidan kelib chiqib, keyinroq belgilanadi.

Hujjatda bir qator vazifalar belgilangan, ular orasida quyidagilarni qayd etib o`tish mumkin:

  • ijodkorlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, mulk shaklidan qat`i nazar, barcha, shu jumladan, elektron OAV, nashriyotlar tomonidan mualliflik gonorari to`lash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
  • Yozuvchilar uyushmasi a`zolari, shu jumladan, viloyatlarda yashayotgan ijodkorlarga sifatli va imtiyozli tibbiy xizmat ko`rsatish bo`yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish;
  • Yozuvchilar uyushmasiga qarashli ijod uylari va oshxonalarni arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash bo`yicha aniq reja ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • Yozuvchilar uyushmasi hududiy bo`limlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va boshqalar.

    Boshqa yangiliklar