AsosiyJamiyat

1 sentyabrdan olimlarning maoshi oshiriladi

'1 sentyabrdan olimlarning maoshi oshiriladi'ning rasmi

Bu Prezidentning 5.04.2018 yildagi «Respublika oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to`lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-3655-son qarorida nazarda tutilgan, deb yozadi Norma.

Birinchidan, joriy yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagilarning bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari tabaqalashtirilgan holda oshiriladi:

a) oliy ta`lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o`qituvchilarining – o`rtacha 25%ga.

Bunda stajyor-o`qituvchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega professor ish haqining miqdorlari o`rtasidagi tafovut ikki baravargacha oshiriladi. Fan doktori ilmiy darajasiga ega professorning ish haqi 3,46 mln so`mni (hozirgi 2,5 mln so`m o`rniga), stajyorniki esa – 1,73 mln so`mni tashkil etadi;

b) ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish va innovasiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy xodimlarining – o`rtacha 25%ga.

Stajyor-tadqiqotchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga va professor ilmiy unvoniga ega bosh ilmiy xodim ish haqining miqdorlari o`rtasidagi tafovut ham 2 baravargacha oshiriladi. Bosh ilmiy xodimning ish haqi 3,11 mln so`m (hozir – 2,25 mln so`m), stajyorniki esa – 1,55 mln so`m bo`ladi.

Ikkinchidan, ushbu sanadan boshlab quyidagilarda ta`lim olayotgan shaxslarga:

a) bazaviy doktoranturada – ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega bo`lmagan (2 yilgacha ilmiy faoliyat tajribasiga ega bo`lgan) kichik ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar, ya`ni 1,76 mln so`m to`lanadi;

b) doktoranturada – fan nomzodi (yoki falsafa doktori (PhD) darajasiga va xorijiy davlatlarning tegishli mutaxassislik bo`yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) ilmiy darajasiga yoki ilmiy unvonga ega bo`lgan etakchi ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar, ya`ni 2,2 mln so`m to`lanadi.

    Boshqa yangiliklar