Vazirlar Mahkamasining 30.03.2018 yildagi 250-son qarori bilan «Toshkent-Sharqiy» aerodromi bazasida fuqarolik (xizmat) aviasiyasining zamonaviy aeroport majmuasini qurish» loyihasini amalga oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi, deb yozadi Norma.
Hujjatda qayd etilishicha, «Toshkent-Sharqiy» aerodromi Mudofaa vazirligi tasarrufidan «O`zbekiston temir yo`llari» AJ tarkibiga o`tkazilgan. Kompaniya ayrim vazirliklar va idoralar bilan birgalikda «Toshkent-Sharqiy» aerodromining binolari, inshootlari va loyiha maydonini, shuningdek qurilish zonasiga kirmaydigan hududlarni aniqladi. Aerodrom bazasida fuqarolik (xizmat) aviasiyasining zamonaviy aeroport majmuasini qurish ishlari boshlandi.
Yangi aeroport qurilishi uchun nafaqat aerodrom binolari, inshootlarining tegishli hududi hamda ularda o`rnatilgan uskunalar va muhandislik kommunikasiyalari, balki Mudofaa vazirligining 94 va 122-harbiy shaharchalari (Toshkent viloyati, Qibray tumani), shuningdek «Toshkent mexanika zavodi» AJning binolari hamda inshootlari tegishli hududi bilan ajratildi.
Aerodrom va harbiy shaharchalar hududida joylashgan, biroq qurilish zonasiga kirmaydigan ob`ektlar Toshkent viloyati hokimligiga tekin berildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 31.03.2018 yildan kuchga kirdi.






