Samarqand xalqaro aeroportida charter reys bilan yurtimizga tashrif buyurgan yaponiyalik sayyohlar tantanali kutib olindi, deb xabar bermoqda O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi hamda Samarqand viloyati hokimligi tomonidan Yaponiya xalqaro turistik assosiasiyasi bilan hamkorlikda joriy yilda ham Kunchiqar yurt fuqarolarining to`g`ridan-to`g`ri parvozlar orqali O`zbekistonga sayohati yo`lga qo`yildi.


– O`tgan yil davomida o`nta charter reys orqali Yaponiya fuqarolarining yurtimizga sayohati uyushtirilgan bo`lsa, bu yil qatnovlar sonini 15 taga etkazish ko`zda tutilgan, – deydi O`zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig`i vazifasini bajaruvchi Dilshod Narziqulov. – Ushbu sayohatlarda 3000 ga yaqin yaponiyalikning yurtimizga kelishi kutilmoqda. Sayyohlar bir hafta davomida Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida bo`lib, tarixiy-madaniy yodgorliklar, milliy an`ana va qadriyatlarimiz bilan tanishadi. Bu yil sayyohlik yo`nalishlari va dasturlarini mehmonlarning talab va istaklari asosida, ularning qiziqishlariga qarab tashkil etishga alohida e`tibor qaratildi.
Yaponiyalik sayyohlar uchun ertaga kechki dasturda Samarqand shahridagi Registon maydonida mahalliy usta-hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar, milliy liboslar namoyishi, folklor jamoalari chiqishlari hamda 3D shou tomoshasi rejalashtirilgan. 


– O`zbekiston, Samarqand deyilsa, har bir yaponiyalik, avvalo, qadimiy Buyuk ipak yo`lini xayoliga keltiradi, – deydi “All season” turistik kompaniyasi vakili Kavakami Kodzuxisa. – Shuning uchun bu mamlakatga kelishga havasmand kishilar bizda juda ko`p. Lekin shu paytgacha viza tartiblari tufayli ko`pchilik sayohatga chiqishga ikkilanardi. Endilikda Yaponiya fuqarolariga O`zbekistonda bir oygacha vizasiz tartibda bo`lish huquqi berilgani sayyohlar oqimining ko`payishiga imkoniyat yaratadi.






