Baliqchilik tarmog`ini jadal rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar qilindi.
Qarorga ko`ra:
Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hududida “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi;
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 oktyabrdagi PF–4853-son Farmonining 3, 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, xususan er solig`i, daromad solig`i, yuridik shaxslar mulk solig`i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig`i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to`lovi va boshqa majburiy to`lovlar bilan bog`liq imtiyozlar “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etiladi.
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning asosiy vazifalari:
- ishlab chiqarish, sun`iy suv havzalarini baliqlantirishni yanada rivojlantirish va baliqchilik xo`jaliklarini ta`minlash uchun baliqning yangi va sinalgan turlarini iqlimlashtirish orqali naslli baliq chavoqlarini yaratish;
- nasldor baliq lichinkalari etishtiruvchi zamonaviy inkubasion sex faoliyatini tashkil etish, baliq chavoqlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud baliq chavoqlarini etishtiruvchi suv havzalarini modernizasiya qilish va qayta ta`mirlash;
- birinchi navbatda, aholi ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, keyinchalik qo`shni mamlakatlarga eksport qilish uchun baliqlarni qayta ishlash va baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish (konserva, ikra, baliq uni va boshqalar) bo`yicha zamonaviy komplekslarni tashkil etish;
- boshqa vazifalar.
2018 yil 1 noyabrga qadar er va suv havzalaridan maqsadga nomuvofiq foydalanayotgan tabiiy va sun`iy suv havzalarini xatlovdan o`tkaziladi hamda ularni tovar baliqlar va baliq chavoqlarini etishtirishga jalb qilish choralari ko`riladi.