Qoraqalpog`istonlik Biybinaz Joldasbaeva Londonda tahsil olmoqda. "Kruz.uz" nashrining ijodiy xodimlari u bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali bog`lanib, yosh talaba qiz bilan qisqacha suhbat uyushtirishdi.
— Londonda o`qishga kirishingiz tarixi haqida aytib o`tsangiz
— 2011 yil Toshkent Davlat Yuridik Universitetiga o`qishga grant osasida qabul qilinganman. O`qish paytida IELTS sertifikatini olish maqsadida, individual darslarga borganman va Buyuk Britaniyaga borib magistr diplomini olishni orzu qilganman. 2015 yil Toshkent Davlat Yuridik Universitetini tugatib, Toshkentda advokatlik firmasida, keyinroq «Asklepiy» farmasevt kompaniyasida yurist bo`lib ishlaganman. — Men uchun magistraturada o`qish uchun ish tajribam ko`p bo`lishi zarur edi, chunki chet el davlatlarida magistraturada ko`p yillik tajribiga ega talabalar o`qishi haqida ko`p o`qib, eshitganman.
2017 yili may oyida IELTS topshirib, Law universitetlarni qidirishni boshladim. Men uchun Londonda o`qish bolalikdagi orzuim bo`lgani uchun, BPP Law University hamda The University of Law’ga dokumentlarimni topshirganman. Ikki universitet ham qabul qilgach, men BPP universitetini tanlashga qaror qilganman, chunki LLM International Business Law fakulteti ko`proq qiziqtirgan edi.
- U erni bitirgandan keyin qanday rejalar bor?
- Magistr diplomini olgach, O`zbekistonga qaytib, xalqaro tashkilotlarning birida yurist bo`lib ishlash maqsadim bor. Hozirda o`qish paytida, London shahrining Sterling Lawyers yuridik firmasida amaliyot o`tayapman. Ko`proq xalqaro amaliyotini o`rganib, O`zbekistonda shu olayotgan bilimlarimni qo`llash niyatim bor.