AsosiyJamiyat

​Xorijda yashaydigan 70 nafar o`zbekistonlik yoshlar Vatanga keladi

'​Xorijda yashaydigan 70 nafar o`zbekistonlik yoshlar Vatanga keladi'ning rasmi

O`zbekistonda tug`ilgan va turli sabablarga ko`ra ayni paytda xorijda istiqomat qilayotgan 70 nafar yosh vatandoshlarimiz 10-16-aprel kunlari o`z Vatanida mehmon bo`ladi. Shu kunlari yurtimizda ilk bor O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan “Yosh vatandoshlar” festivali bo`lib o`tadi. Bu haqda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi binosida festival oldidan bo`lib o`tgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.

“Yosh vatandoshlar” festivalini o`tkazishdan ko`zlangan maqsad xorijda yashayotgan vatandoshlarimizni mamlakatimizning boy madaniy merosi, azaliy qadriyatlari, urf-odatlari va asosiysi, yoshlarimizning hayoti bilan yaqindan tanishtirishdan iborat. Shuningdek, ular o`rtasida o`zaro muloqot muhitini shakllantirish, ularning tajribalaridan unumli foydalanish va yurtimizdagi islohotlarga jalb qilish, investisiya kiritishga targ`ib qilish ham mo`ljallangan.

Festival Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo`lib o`tadi.

– Festivalda Amerika Qo`shma Shtatlari, Rossiya, Yaponiya, Turkiya, Pokiston, Qirg`iziston va Tojikiston kabi 18 dan ziyod nufuzli mamlakatlardan 70 nafar o`zbekistonlik yoshlar tashrif buyuradi va jami 400 nafar yoshlar ishtirok etadi va jamiyatimiz hayoti va faoliyatining barcha sohalarida ro`y berayotgan o`zgarishlarga guvoh bo`lib, o`zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo`lishadi, – deydi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari Kamoliddin Beknazarov.

“Yosh vatandoshlar” festivali tadbirkorlik, turizmni rivojlantirish, ilm-fan va axborot texnologiyalari yo`nalishlarida ish olib boradi. Mazkur yo`nalishlarda davra suhbatlari o`tkazilib, ularda chet elda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan, ilmiy salohiyati yuksak bo`lgan yoshlar taqdimot qilishadi, shuningdek, yuqori tajribaga ega bo`lgan davlat vakillari bilan fikr-mulohazalar almashishadi.

Festival doirasida “Muvaffaqiyatli strategiya poydevori”, “O`zbekistonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish”, “O`zbekistonda arxitektura kelajagi”, “O`zbekistonda barqaror hamkorlik uchun asos“, “Biznes –O`zbekistonda investisiya iqlimi” hamda “Sayyohlarni turizmga jalb etish yo`llari”, “IT–loyihalarni boshqarishda eng muvaffaqiyatli mexanizmlar”, “O`zbekiston Respublikasining iqtisodiy rivojlanish istiqbollari” kabi qator mavzular keng muhokama qilinadi.

Kamila Sultonova, festival ishtirokchisi:

O`zim Qarshi shahrida tug`ilganman. Bundan 20 yil avval, 15 yoshimda xorijga o`qishga ketganman. Shunday imkoniyat tug`ilgandi-ki, men undan foydalanganman. Dastlab AQShda, so`ng Daniyada ta`lim oldim. Hozirda Finlyandiyada yashayman. Men bugun shu erda – Vatanimda bo`lib turganimdan juda xursandman, bu men uchun faxr! Men Vatanimni sevaman. Bilasizmi, Vatanga bo`lgan sevgini ko`proq undan tashqarida bo`lganingizda anglar ekansiz. Men xorij mamlakatlaridagi do`stlarimga O`zbekiston Pokiston emasligini, O`zbekiston faqatgina palov mamlakati emasligini, balki uning intiluvchan, bilimli yoshlari ham borligini isbotlashni xohlayman. Bizning va xorij yoshlari o`rtasida ta`lim ko`prigini hosil qilib, shu yo`nalishda Xalq ta`limi, Axborot texnologiyalari vazirliklari bilan hamkorlikni yo`lga qo`ymoqchiman. Ona shahrim Qarshida onlayn-maktab ochmoqchiman. Bu - mening orzuim.

Umid qilamizki, “Yosh vatandoshlar” festivali uzoq-yaqindan kelgan o`zbek yoshlari o`rtasida samarali konstruktiv muloqot o`rnatish maydoniga aylanadi.

Festival jarayonini internetdagi www.yv2018.uz saytidan kuzatib borish mumkin.

    Boshqa yangiliklar