Kuni kecha Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining (ShHT MATT) Ijroiya qo`mitasi tashkil topganining o`n yilligiga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar beradi. Unda ShHT Bosh kotibi Dmitriy Mezensev, MATT Ijroiya qo`mitasi direktori Chjan Sinfen, MATT Kengashi a`zolari, ShHTga a`zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar va tashkilotning muloqot bo`yicha sheriklari, shuningdek, MATT hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`ygan xalqaro tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.
ShHTga a`zo mamlakatlar davlat rahbarlarining qaroriga muvofiq 2004 yilning 17 iyunida Toshkentda ShHT MATT Ijroiya qo`mitasining rasmiy ochilishi bo`ldi.
Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining faoliyati terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda ShHTga a`zo mamlakatlar vakolatli organlariga ko`maklashish, ularning hamkorligini muvofiqlashtirishga qaratilgan.
O`tgan o`n yil davomida MATT tomonidan ShHTga a`zo mamlakatlarning yangi xavf va tahdidlarga qarshi kurashda o`zaro hamkorlikning ko`p tomonlama va ikki tomonlama mexanizmlarini o`z ichiga olgan umumiy yondashuvlarini ishlab chiqish bo`yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda mustahkam xalqaro-huquqiy baza shakllantirildi, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan o`zaro manfaatli hamkorlik yo`lga qo`yildi.
Tadbir ishtirokchilari mintaqaviy xavfsizlik masalalari Shanxay hamkorlik tashkilotining doimiy diqqat-markazida ekanini ta`kidladi. Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlashda ShHTning vakolatli organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasida MATT Ijroiya qo`mitasi samarali ish yuritayotgani qayd etildi.





