O`zbekistonda xorijdan turib, ishonchnoma orqali ajrashayotgan oilalarning yildan-yilga ko`payib bormoqda, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
Nashrning yozishicha, Samarqand viloyati aholisi ko`pligi jihatidan O`zbekistonda eng yuqori o`rinlarda bo`lib, oila quruvchilarning soni ham shunga munosib.
Biroq oilaviy ajrimlar soni bo`yicha Samarqand respublika miqyosida to`rtinchi o`rinda. Oilaviy ajrimdan so`ng kelinni xonadondan chiqarish yoki aksincha, uni uyga olib kirish masalasi yuzasidan murojaatlar bo`yicha ham Samarqandda raqamlar salmoqli.
"Zarafshon" nashri viloyat fuqarolik ishlari bo`yicha viloyat sudi raisi Ma`rufjon Tojiboevni so`zlarini keltiradi.
"Oilaviy ajralishlarda kishini larzaga soladigan jihat ajralish uchun sabablarning arzimasligidir. Ayniqsa, xorijdan turib, ishonchnoma orqali ajrashayotgan oilalarning yildan-yilga ko`payib borayotgani achinarli. Haqiqatan ham o`tgan yili sudlarga ajralish bo`yicha 4 911 ta da`vo arizalari kiritilgan bo`lsa, sudlar tomonidan jami da`vo arizalarining 71 foizi qanoatlantirilgan, 23 foizi rad etilgan. 500 ta oila sudlarning jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi sa`y-harakatlari tufayli saqlab qolingan", — deydi fuqarolik ishlari bo`yicha viloyat sudi raisi Ma`rufjon Tojiboev.
Mutaxassisning so`zlariga ko`ra, oilalardagi mojarolardan keyin ayol ota-onasining uyiga ketib, bir necha yil o`tgach, sudga murojaat qilishi e`tiborga olinsa, o`rtacha uch yil vaqt davomida birga yashamasdan o`zaro ajrashib, sudga murojaat qilganlar jami ko`rilgan ishlarning 60 foizga yaqinini tashkil qiladi. Bu esa yosh oila arzimagan sabablarga ko`ra arazlashib qolgan dastlabki bir oy yoki bir yil davomida jamoatchilik tomonidan yarashtirish ishlari etarli darajada olib borilmaganini ko`rsatadi, deydi u.
"Birinchi navbatda oilaning muqaddasligini yoshlar ongiga singdirishga qaratilgan tizimli targ`ibot ishlarini kuchaytirish, uni takomillashtirish lozim. Xususan, uylanmoqchi bo`lgan yigitlar, avvalo, o`zini, turmush o`rtog`ini ta`minlay olishi, er bilan xotin sog`lom bo`lishi, oilaning muqaddasligi hamda turmush qurayotgan ayol uning davomchisi bo`lmish zurriyodining onasi ekanligini tushunib etishi shart. Ajrashishga ahd qilgan oila esa arizani sudga emas, avvalambor, mahalla fuqarolar yig`iniga topshirsa, maqsadga muvofiq bo`lardi. Masala mahallaning yarashtirish komissiyasi a`zolari, faollari ishtirokida o`rganilsa, ko`p ajralishlarning oldini olish mumkin. To`g`ri, hozir ham arizalar xotin-qizlar qo`mitalariga berilib, hamkorlikda yarashtirish ishlari olib boriladi. Ammo sudgacha kelgan oila yarashishda sustkashlik qiladi. "Mana, sud idoralarigacha keldik, endi baribir birga yasholmaymiz", — deya ahdidan qaytishni o`ziga ep ko`rmaydiganlar ham bor. Ajralishlarning aksariyati 20-30 yoshlilar orasida bo`lgani tufayli ularning hayot past-balandini tushunmasligi, farzand, oila qadrini his etmasligi shunday xulosaga kelishga undaydi", — deb qo`shimcha qildi Ma`rufjon Tojiboev.
Eslatib o`tamiz, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 107-bandiga qo`shimcha kiritish haqidagi hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq FHDYo organi er-xotinni yarashtirish bo`yicha tegishli choralar ko`rish uchun er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yig`inining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo`lsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yig`inining yarashtirish komissiyasini nikohdan ajratish to`g`risidagi ariza berilgan kundan e`tiboran 3 kundan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.






